Lyuffa (Luffa), qozonyuvg’ich

Lyuffa (Luffa), qozonyuvg’ich — qovoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik o’tsimon o’simliklar turkumi. Osiyo, Afrika va Janubiy Amerika tropiklarida 6-8 turi o’sadi. Ikki turi — mevasi duksimon va silliq, uzunligi 50 santimetrgacha boradigan dov Lyuffa (L.cylindrica) va mevasi qirrali, uzunligi 15-30 santimetr bo’ladigan qirrali Lyuffa (L. acutangula) Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Braziliya, O’zbekiston va boshqa mamlakatlarda ekiladi. Poyasi (palagi) uzunligi 5 metrgacha boradi. Bargi yirik, gullari och sariq. Iyul— avgustda gullaydi, avgust—sentabrda meva hosil qiladi. Hosildorligi 1 gektar maydondan 25 ming donagacha meva va 3,5 tonnagacha urug’ beradi (urug’ida 25% texnik moy bor). Dumbul mevalari ovqatga ishlatiladi, pishgan mevalaridan (ishlov berilganidan keyin) yuvinish uchun mochalka va poyabzal materiali olinadi. Yetishtirish texnologiyasi boshqa qovokdoshlarni yetishtirish texnologiyasiga o’xshash.