Metall ilk bor qachon qo’llanilgan?

Bundan 6000 yil muqaddam inson tosh asrida yashagan. Shuning uchun ham «tosh asri» deyiladiki, barcha mehnat va ov qurollari u davrda faqat toshdan yasalgan edi. Inson hali metalldan qurol-aslaha ishlashni o’rganmagan edi. Odamzot ilk marotaba foydalangan metallar, ehtimol, mis va oltin bo’lsa, ajab emas. Buning sababi shundaki, ushbu metallar tabiatda ham sof holatida, ham rudalar tarkibida mavjud edi. Odamlar mis va oltin yombilarini topib, ularni eritmasdan har xil shaklga sola olishi mumkin edi. Biz bu metallar odamlar tomonidan qachon kashf etilganini aytib bera olmaymiz, biroq mis miloddan avvalgi 5-mingyillikda qo’llanila boshlanganini tasdiqlovchi ma’lumotlar bor. Miloddan oldin 4-mingyillikning boshlanishi arafasida oltin ham muomalaga kiritilgan. Miloddan avvalgi 3-mingyillikda inson metall bilan ishlash sohasida ko’p narsalarni o’rgandi. Bu davrga kelib, kumush va qo’rg’oshin ham kashf etildi. Biroq mis baribir o’z qattiqligi va keng tarqalganligi sababli eng ko’p ishlatiladigan metall turi edi. Dastlab odamzot metalldan o’zi uchun foydali narsalarni — idishlar, asbob-uskunalar va qurol-aslahalarni yasashni o’rgandi. Metalni bolg’alab qayta ishlash jarayonida u metallni toblash (ya’ni metall avval yumshoq va egiluvchan holga kelguniga qadar qizdiriladi, keyin shitob bilan sovutiladi), eritish, quyish va shaklga quyish jarayonlarini o’zlashtirdi. U ayni paytda rudadan metall olishni o’rgandi, chunki toza metaldan ko’ra ruda tarkibida metall ko’proqdir. Keyinchalik inson qalayini topdi va uni mis bilan qorishtirishni o’rganib, yanada qattiqroq metall bo’lgan — bronzani olishni o’rgandi. Miloddan avvalgi taxminan 3500 yildan to 1200 yilga qadar bronza asbob-uskuna va qurol-aslaha tayyorlashda eng muhim xomashyo bo’lib xizmat hildi. Bu davr tarixda bronza davri deb ataladi. Inson yerga tushgan meteoritlarni topib olib, shu asosda metallni ruda tarkibidan olishni ancha oldin o’zi uchun kashf etdi. Miloddan avvalgi 1200 yilda inson temirni qayta ishlashni o’rgandi va bu hunar avloddan-avlodga meros qoldi. Temir ko’p hollarda bronza o’rnini egalladi. Bu temir davrining boshlanishi edi. Rim imperiyasi davriga kelib insonga allaqachon oltin, mis, kumush, qo’rg’oshin, qalayi, temir va simob kabi yetti xil metall ma’lum edi.