Namangan viloyat o’lkashunoslik muzeyi

Namangan viloyat o’lkashunoslik muzeyi – madaniy-ma’ifiy muassasa. Namangan shahrida joylashgan. 1920 yilda o’lkani o’rganish maqsadida tashkil etilgan. Dastlab (shahar tarixiga oid ashyolar namoyish qilingan) «xalqlar muzeyi» sifatida faoliyat ko’rsatgan. 1941 yildan hozirgi maqomiga ega. Muzeyning tabiat, tarix, san’at, ma’naviyat va uslubiyat, adabiyot va qo’lyozmalar hamda xazina bo’limlari bor. Muzeyda o’lka tabiati, moddiy ma’naviy madaniyati tarixini o’zida aks ettirgan 60 mingdan ziyod eksponatlar (jumladan, arxeologik topilmalar, amaliy san’at namunalari, san’at asarlari va boshqalar) mavjud. Muzey tarkibiga «Xotira va qadrlash uyi», Boborahim Mashrab uy-muzeyi, viloyatning shahar va tumanlaridagi boshqa jamoatchilik muzeylari kirgan. Muzeyning asosiy binosi 1986 yilda zamonaviy loyiha asosida qurilgan.