Navbahor tumani

Navbahor tumani – Navoiy viloyatidagi tuman. Viloyatning Janubiy- sharqida joylashgan. 1980 yil 12 martda tashkil etilgan. 1988 yilda Navoiy tumaniga qo’shib yuborilgan. 1992 yilda yana alohida tuman sifatida qayta tuzilgan. Navbahor tumani Sharqda Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, g’arbda viloyatning Konimex tumani va Buxoro viloyati, shimolda viloyatning Nurota va Konimex tuman yaylov yerlari, Janubda Navoiy tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,57 ming km2. Aholisi 86,5 ming kishi (2003). Tumanda 7 qishloq fuqarolari yig’ini (Arabsaroy, Beshrabot, Gigant, Olchin, Turkiston, Yangiyo’l, Yangiqo’rg’on) bor. Markazi — Beshrabot qishlog’i. Tabiati. Navbahor tumani Zarafshon daryosining shimoliy-Sharqiy qirg’og’i bo’ylab Qoratov va Zarafshon daryosi oralig’ida joylashgan. Tuman shimoldan Nurota tog’lari bilan o’ralgan. Navbahor tumani hududining ko’p qismi cho’l, relefi notekis: chuqurlik va tepaliklar almashinib boradi. Balandligi 500-800 metr. Iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq, issiq, qishi quruq, sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 14-15°. Eng past temperatura -13° (yanvar, Fevralda), eng yuqori temperatura 42° (iyun, avgustda). Yillik yog’in 250-300 mm. Vegetatsiya davri 212 kun. Tuproqdari lyoss, bo’z, qo’ng’ir, sho’rtob tuproqlar. Yovvoyi o’simliklardan yantoq, shuvoq, isiriq, qamish, zarpechak va boshqalar o’sadi. Tuman xo’jaliklari suvni Zarafshon daryosidan chiqqan o’ng qirg’oq kanali, Konimex. Chovli, Arabsaroy ariqlaridan oladi. Aholisi, asosan, o’zbeklar (93%), shuningdek, rus, tojik, qoraqalpoq, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 55 kishi. Xo’jaligi asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Paxtachilik, g’allachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bog’dorchilik, chorvachilik, pillachilik bilan shug’ullaniladi. Kartoshka, kunjut, mosh, zig’ir ham ekiladi. Tokzorlar bor. Qorako’l qo’ylari boqiladi. Tumanda «Bentonit» O’zbekiston- Amerika qo’shma korxonasi, 22 kichik va xususiy korxona, 126 xususiy firma, 11 aktsiyadorlik, 8 mas’uliyati cheklangan jamiyat, 4 assotsiatsiya, 1 shirkat korxonasi, 8 davlat, 32 xo’jalik hisobidagi tashkilotlar, 12 qurilish, 2 savdo korxonasi, dehqon bozori mavjud (2003). Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmoqlari paxtachilik va g’allachilik. Tumanda 22,4 ming gektar yer maydoni ekinzor va daraxtzorlar bilan band. 10 ming gektar yerga paxta, 8 ming gektar yerga g’alla, qolgan qismiga poliz, sabzavot, yem-xashak va boshqa ekinlar ekiladi. Navbahor tumanida 14 shirkat xo’jaligi, 7 fermer xo’jaliklar uyushmasi, 1000 ga yaqin fermer, 100 dan ziyod dehqon xo’jaliklari faoliyat ko’rsatmoqda (1 shirkat xo’jaligi Qorako’l qo’ylari boqishga, 29 fermer xo’jaligi chorvachilikka ixtisoslashgan). Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 33 ming qoramol, 60 ming qo’y va echki, 412 ot boqiladi (2003). Navbahor tumanida 255 kilometr avtomobil yo’llari mavjud. Shulardan 108 kilometr davlat ahamiyatidagi yo’llar. Tuman hududidan Toshkent—Uchquduq temir yo’l (21 kilometr masofada), Navbahor—Nurota, Navoiy — Uchquduq, Navoiy —Buxoro yo’nalishlarida avtobuslar qatnaydi. 2002/2003 o’quv yilida tumanda 28 umumiy ta’lim, 5 tayanch, 2 boshlang’ich maktablarida 23 mingga yaqin o’quvchi ta’lim oldi, shuningdek, 1 sport maktabi (754 o’quvchi), ma’naviyat va qo’shimcha ta’lim markazi (960 o’rin), «Istiqlol» kasb-hunar kolleji (750 o’rin), «Uchtut» nafis san’at litseyi faoliyat ko’rsatmoqda. Markaziy madaniyat uyi, 5 qishloq madaniyat uyi, 3 qishloq klubi, «Navbahor taronasi» ashula va raqs xalq ansambli, Markaziy kutubxona (112352 nusxa kitob), uning 24 ta tarmog’i va tuman bolalar kutubxonasi, 2 jamoatchilik, «nafosat», «Oila» klublari ishlab turibdi. Markaziy kasalxona (2895 o’rin), 6 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 8 qishloq vrachlik punkti, 1 poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarida 104 vrach va 584 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududida miloddan avvalgi 5-asr — milodiy 4-asrlarga oid arxeologik yodgorliklar majmui (Qalqonota qishlog’i yonida), Uchtut qishlog’i yaqinidagi chaqmoqtosh konlari (ashel, muste va yuqori paleolit davriga oid tosh qurollari topilgan), Sarmishsoy, Qoraungursoy, Bironsoy daralaridagi qoyatosh suratlari (miloddan avvalgi 7-asr — milodiy 3-asrlar, ayrimlari milodning 1 — 10 asrlari) va boshqalar bor. 1982 yil 1 apreldan «Navbahor tongi» tuman gazetasi nashr etiladi (adadi 1500).