Navoiy kon-metallurgiya kombinati

Navoiy kon-metallurgiya kombinati (Navoiy KMK) – «Qizilqumnodirmetalloltin» davlat kontserni tarkibidagi yirik sanoat korxonasi. 1958 yilda tashkil topgan. Kombinatda uran, oltin, kumush, qurilish materiallari, marmar mahsulotlari, fosforitlar qazib olinadi. Bundan tashqari, sulfat kislota, zargarlik, trikotaj va to’qimachilik buyumlari, mashinasozlik va maishiy texnika ishlab chiqariladi. Qidiruv-razvedka ishlari, ma’danni qazib olish va uni qayta ishlashdan boshlab to uran oksidi va chala oksidi, sof (999,9) oltin olishgacha bo’lgan tugallangan jarayonni amalga oshiruvchi sanoat korxonasi hisoblanadi. Kombinat tarkibida respublikaning 5 ta viloyatida joylashgan 5 ta kon boshqarmasi va ular negizida qurilgan Navoiy, Uchquduq, Zarafshon, Nurobod, Muruntov konidan oltin rudalari qazib olish shaharlari, Zafarobod, Krasnogorsk shaharchalari hamda boshqa sanoat, madaniy-maishiy ob’yektlar bor. Shimoliy kon boshqarmasi (Uchquduq shahri) 1958 yilda barpo etilgan. Uchquduq koni negizida uran ma’danini ochiq va yer osti usulida, yer ostida tanlab eritmaga o’tkazish usulida qazib olish va qayta ishlash; «Ko’kpatas» konining tarkibida oltin bo’lgan ma’danlarini qazib olish va qayta ishlash korxonaning asosiy faoliyat yo’nalishini tashkil etadi; Markaziy kon boshqarmasi (Zarafshon shahri) — Muruntov noyob oltin konini o’zlashtirish uchun 1964 yilda barpo etilgan. 1967 yilning mart oyidan boshlab ochiq usulda kon ishlarini olib boradi; Janubiy kon boshqarmasi (Nurobod shahri) — Sobirsoy uran konini o’zlashtirish maqsadida 1964 yilning yanvar oyida tashkil etilgan (uran qazib olish; Zarmiton va Marjonbuloq konlaridagi tarkibida oltin bo’lgan ma’danlarni qazib olish; marmar qazib olish va undan silliqlangan, pardozlash taxtachalarini ishlab chiqarish; turli diametrga ega bo’lgan polivi – nilxlorid va polietilen quvurlarni va boshqalar ishlab chiqarish). 5-kon boshqarmasi (Zafarobod shahri) — Buxoro viloyati hududida joylashgan. 1971 yilning Fevralida bukinoy uran konlari guruhini sanoat usulida o’zlashtirish uchun Leninobod kon-kimyo kombinatining bo’linmasi sifatida tashkil etilgan. 1993 yilda Navoiy KMK tarkibiga uning tarkibiy bo’linmasi xuquqi bilan kirgan (yer ostida tanlab eritmaga o’tkazish usulida uran qazib olinadi); 2-kon boshqarmasi (Krasnogorsk shaharchasi) — Toshkent viloyatining Parkent tumani hududida joylashgan. 1954 yilda Chovli uran konini o’zlashtirish uchun kon qazish korxonasi sifatida tashkil etilgan. 1995 yildan esa Navoiy KMK tarkibida (pardozlovchi gabbro toshini sanoat usulida qazib olish; fosforit xom ashyosini qayta ishlash); «Navoiy mashinasozlik zavodi» ishlab chiqarish birlashmasi — 1963 yilning oktabrda kombinat bo’linmalarining ish faoliyatini ta’minlash uchun ta’mirlash bazasi sifatida tashkil etilgan; Zargarlik zavodi (Zarafshon shahri) — 1992 yilda O’zbekiston — Amerika qo’shma korxonasi sifatida tashkil qilingan. 1996 yildan kombinat bo’linmasi (zargarlik buyumlarini yasash); «Agama» davlat trikotaj firmasi — 1990 yilda xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish va sotish bo’yicha qo’shma korxona sifatida tashkil etilgan. 1997 yildan boshlab ustki trikotaj buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, Navoiy KMKning sho»ba korxonasi; Zarafshon qurilish boshqarmasi — 1967 yilda tashkil topgan. 7 qurilish-montaj boshqarmasi, temir-beton buyumlari zavodi, mexanizatsiyalashtirilgan ishlar boshqarmasi, ishlab chiqarish- texnologik-butlash boshqarmalarini o’z ichiga oladi, sanoat va fuqarolik qurilishini amalga oshiradi, avtomobil va temir yo’llari qurilishini olib boradi; Qizilqum fosforit majmuasi — ma’dan qazib olish va fosforit unini ishlab chiqarish bo’yicha korxonaning 1-navbati 1998 yilda ishga tushirildi. 2001 yilning avgust oyidan kuydirilgan fosforit kontsentratini ishlab chiqaradi va uni Samarqand kimyo zavodi hamda Olmaliq «Ammofos» aktsiyadorlik jamiyatiga yetkazib beradi. O’zbekiston mustakillikka erishganidan so’ng mamlakatda oltin va uran qazib olish sanoatining rivojlanishida yangi tarixiy bosqich boshlandi. Bu davr mobaynida Navoiy KMKda Uchquduqda oltin ajratib olish majmuasi, 3-gidrometallurgiya zavodi va Ko’kpatas hamda Davg’iztovda oltin konlarining qurilishi nihoyasiga yetkazildi va ular ishga tushirildi, «Zarafshon-Nyu-Mont» qo’shma korxonasi barpo qilindi, emulsiyali portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavod qurildi. Kombinatda ishlab chiqarilgan oltin yombilar. Tarkibida oltin mavjud bo’lgan ma’danlarni qazib olish va qayta ishlash bo’yicha Navoiy KMK ko’p yillar mobaynida yuqori texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlar bilan barqaror ishlab kelmoqda. Mamlakat mustaqilligi yillarida oltin ishlab chiqarish 1,5 baravar ko’paydi. Ishlab turgan korxonalarni texnik qayta jihozlash, yangi navbatlarni qurish, shuningdek, oltin ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi eng yangi ilmiy-texnik tadqiqotlar joriy etildi. Kombinat O’zbekistondagi yirik ilmiy markazlar va muassasalar, o’quv yurtlari, jahondagi konchilik va rangli metallurgiya sanoatidagi eng yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Mashhur firmalar bilan uzoq muddatli mustahkam aloqalar o’rnatgan. Navoiy KMK «Do’stlik» ordeni bilan mukofotlangan (2000). Kombinat direktori N. I. Kucherskiy va ekskavator mashinisti A. I. Paninga O’zbekiston qahramoni unvoni berilgan, ko’pgina xodimlar mehnatdagi yutuqlari uchun O’zbekiston Respublikasining orden va medallari bilan mukofotlangan. Ad.: Kucherskiy N. I., Flagman in- dustrii nezavisimogo Uzbekistana, T., 1997; Kucherskiy N. I. i dr., Navoiyskiy Gorno-metallurgicheskiy kombinat: istoriya sozdaniya i razvitiya, T., 2002. Nikolay Kucherskiy.