Navoiy pedagogika instituti

Navoiy pedagogika instituti — pedagog kadrlar tayyorlaydigan davlat oliy o’quv yurti. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga asosan 1992 yil 15 martda Toshkent pedagogika institutining Navoiy filiali (1983 yil asos solingan) negizida Navoiy shahrida tashkil etilgan. Institutda 7 fakultet (fizika-matematika, boshlang’ich ta’lim metodikasi va musiqa, tabiatshunoslik, jismoniy tarbiya, o’zbek Filologiyasi, tarix, xorijiy tillar), 25 kafedra, 10 dan ortiq o’quv va ilmiy labolatoriya bor. Kutubxonasida 100 mingdan ortiq asar saqlanadi (2003). Institut qoshida ixtisoslashgan akademik litsey mavjud. Institutda 16 ta’lim yo’nalishi (boshlang’ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish, jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat, matematika-informatika, o’zbek tili va adabiyoti, tarix, qozoq tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, ingliz tili va adabiyoti, geografiya va iqtisodiy bilim asoslari, biologiya, kimyo va ekologiya, fizika-astronomiya, milliy istiqlol g’oyasi, huquq va ma’naviyat asoslari, maktabgacha ta’lim va bolalar sporti, musiqiy ta’lim, tasviriy san’at va muxandislik grafikasi) bo’yicha bakalavrlar, informatika, o’zbek tili, tarix mutaxassisliklari bo’yicha magistrlar, ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo’yicha aspiranturada ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlanadi. 2002/2003 o’quv yili institutda 5200 talaba ta’lim oldi; 355 o’qituvchi, jumladan, 18 fan Doktori va professor, 60 fan nomzodi va dotsent ishladi. Institut faoliyati R. Rahmonov, U. T. Turniyozov, T.G.Gulboev, P. Musaev, G. T. Temirov, O. Fayziev, M. Oltinov, B. F. Izbosarov, K. S. Xoliqov, Sh. J. Muhammadiev, A. Zayniddinova, R. A. Ro’ziev, M. Farmonova kabi professor- o’qituvchilar nomi bilan bog’liq. 2003 yilgacha institutda 9,5 mingga yaqin mutaxassis tayyorlandi. 1985 yildan «Layli» ashula va rake ansambli faoliyat ko’rsatib kelmoqda.