Non sanoati

Non sanoati — oziq-ovqat sanoati tarmog’i. Nonning turli navlarini, buxanka, bulka va teshikkulcha, parhez, diabetik va shifobaxshnon turlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. O’zbekistonda novvoylik qadimiy tarixga va boy an’analarga ega. Non deyarli har bir oilada tayyorlanishiga qaramay shaharlar va yirik qishloqlarda yirik novvoyxonalar aholining yopilgan nonga bo’lgan ehtiyojlarini ta’minlashda muhim mavqeda turgan. Novvoylik kasb-hunarning bir turi sifatida rivojlangan. 1929 yilda Samarqand va Toshkent shahrida dastlabki non pishiradigan sanoat korxonalari qurilgach, novvoychilik oziq-ovqat sanoati tarmog’iga aylandi. Keyingi yillarda Qo’qon (1930), Qarshi (1936), Termiz (1940), Buxoro (1946), Urganch (1955), Namangan (1961) kabi yirik shahar xamda shaharcha, tuman markazlari, yirik qishloqlarda non zavodlari, novvoyxonalar qurildi. O’zbekistonda Non sanoati yevropacha non xillarini ishlab chiqaradigan non zavodlari va novvoyxonalarni qurish yo’nalishida rivojlandi. 1960-85 yillarda Toshkent, Jizzax, Nukus, Angren kabi shaharlarda katta (100 t/sutka) va o’rta (30 t/sutka) quvvatga ega bo’lgan 15 ta non zavodi qurilib ishga tushirildi. Non sanoati korxonalarida milliy nonlarni sanoat usulida ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan pechlar (Bruver-Salixov, Danko-Semyonov pechlari) o’rnatildi. Toshkent, Samarqand va Farg’ona shaharlaridagi non pishirish korxonalari tubdan qayta qurildi. Zamonaviy xamir tayyorlov agregatlarining o’rnatilishi, uzluksiz xamir taqsimlovchi tizimlar, un va yordamchi mahsulotlarni (tuz, xamirturush suti, shakar, yog’) idishsiz saqlash qurilmalarining barpo etilishi Non sanoatining rivojlanishiga yordam berdi. Shuningdek, obi non ishlab chiqaruvchi tsexlar yiriklashtirilib, savdo do’konlariga ega bo’lgan yangi tsexlar qurildi. 1986 yil non korxonalarining umumiy quvvati 1886,7 t/sutka non mahsulotlarini tashkil etdi (milliy nonlar hissasi 18% bo’ldi). 1987 yil Non korxonalari respublika oziq-ovqat sanoati vazirligidan don mahsulotlari vazirligi tasarrufiga o’tkazilgach, firma do’konlariga ega bo’lgan kichik novvoyxonalar tizimini tashkil etishga ustuvor ahamiyat berildi. Non sanoati korxonalarida non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mah-sulotlari ishlab chiqarila boshladi. 1988 yilda mamlakatda 29 ta yirik non zavodlari ishladi. Respublika mustaqillikka erishganidan so’ng, ayniqsa, shahar aholisini non bilan barqaror ta’minlash maqsadida Non sanoati korxonalarini zamonaviy uskunalar bilan qayta jihozlash, non turlarini ko’paytirish yo’nalishlarida muhim ishlar amalga oshirildi. Daha va guzarlarda kichik non korxonalari ishga tushirildi. 1995 yilda «O’zdonmahsulot» davlat-aktsiyadorlik korporatsiyasi tarkibida 4 non ishlab chiqarish birlashmasi (Toshkent, Yangiyo’l, Farg’ona, Qarshi), 21 non zavodi ishladi va bir sutkada 1300 tonnadan ziyod non mahsulotlari ishlab chiqarildi. «O’zdonmahsulot» tizimida har biri sutkada 3 tonnadan 120 tonnagacha non ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan 200 dan ortiq non zavodlari va kichik Novvoyxonalar faoliyat ko’rsatadi (2003). Ularda dunyodagi eng ilg’or «Vinkler» (Germaniya) va «Ekmasan» (Turkiya) kabi firmalarning zamonaviy jihozlari o’rnatilgan. Hozirgi «Tansiq non» (Toshkent), «Buxoro non», «Samarqand non», «Nukus non», «rizq» (Andijon), «qarshi non» aktsiyadorlik jamiyatlari tizimdagi yirik non zavodlari hisoblanadi. Non ishlab chiqarish korxonalari faqatgina yirik shaharlarda emas, balki qishloq joylarida ham rivojlangan. Ayni paytda «O’zbekbirlashuv» aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida 844 ta non ishlab chiqarish tsexlari, 3 mingga yaqin tandir (novvoyxona) va kichik korxonalar bor. Ular tomonidan bir yilda 160 ming tonna non mahsulotlari tayyorlandi (2002). O’zbekiston Non sanoati korxonalarida 300 xildan ko’proq non ishlab chiqariladi. Jahonda Italiya, Germaniya, Turkiya, AQSh, Xitoy va boshqa mamlakatlarda Non sanoati rivojlangan. Kishi boshiga o’rtacha yillik non iste’mol qilish ko’rsatkichlari Italiya, Daniya, Germaniyada 70-82 kilogrammni, Buyuk Britaniya va Frantsiyada 42-45 kilogrammni tashkil etadi (2002). G’ofir Mirzayev.