Norveg tili

Norveg tili — Hind-Yevropa tillari oilasidagi german tillari guruhining skandinav tillari shoxobchasiga mansub til. Norvegiyada, shuningdek, AQSh va Kanadada tarqalgan; Norvegiya Qirolligining rasmiy tili. 5 milliondan ortiqroq kishi so’zlashadi. Norveg tili lahjalari g’arbiy va Sharqiy guruhlarga bo’linadi. Norveg tili tarixi 2 davrga: qadimgi Norveg tili (9-asrdan 1525 yilgacha) va yangi Norveg tili (1525 yildan) davrlariga bo’linadi. 1380 yildan Norvegiya Daniyaga tobe bo’lib qolishi munosabati bilan bu hududda yozma dan (dat) tili keng tarqaladi va 16-asrda rasmiy til maqomini oladi. 19- asr boshlarida Norvegiyada 2 ta adabiy til vujudga keldi: riksmol (dan-norveg adabiy tili) va Lans-mol (19-asr o’rtalarida norveg tilshunosi I. Osen tomonidan adabiy tilning qadimgi shaklidan sun’iy yaratilgan). 1929 yilda riksmol va lansmol rasmiy ravishda Bukmol va Nyunorsk (yangi norveg) atamalari bilan almashtirilgan. Har ikkala adabiy til bir qator fonetik jihatlari bilan o’zaro farqlanadi, ulardan Bukmol nisbatan kengroq qo’llanadi. Adabiy Norveg tilining shakllanishi va takomillashuvida 1907, 1917, 1938 yillarda imlo sohasida o’tkazilgan islohotlarning alohida o’rni bor. Norveg tilining qadimgi yozuvi runik yozuv asosida bo’lgan, zamonaviy yozuvi esa lotin alifbosi asosida yaratilgan.