Norvegiya

Norvegiya (Norge), Norvegiya Qirolligi (Kongeriget Norge) — Shimoliy Yevropadagi davlat. Skandinaviya yarim orolining g’arbiy va shimoliy qismida. Maydoni 387 ming km2. Aholisi 4,5 million kishi (2002). Poytaxti — Oslo shahri. Ma’muriy jihatdan 19 fyulke (viloyat)ga, jumladan, fyulkega tenglashtirilgan Oslo shahriga bo’linadi. Shpisbergen arxipelagi, Medvejiy, Yan Meyen va Buve orollari ham Norvegiyaga karaydi. Davlat tuzumi. Norvegiya — Konstitutsiyali monarxiya. 1814 yil 17 mayda qabul qilingan Norvegiya Qirolligi Konstitutsiyasi amal qiladi, unga keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — qirol (1991 yil 21 yanvardan Xarald V). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni ikki palatali (yuqori palatasi lagting, quyi Palatasi odelsting) parlament — Storting amalga oshiradi. Ijrochi hokimiyat qirol qo’lida bo’lib, u Davlat kengashi (hukumat)ni tayinlaydi. Tabiati. Norvegiya — tog’li o’lka. Hududining qariyb 2/3 qismi dengiz sathidan 500 metrdan baland; dengiz sohilidagina pasttekislik bor. G’arbiy qirg’og’ida tik yon bag’irli tor qo’ltiq (Ford) ko’p. Yirik orollari — Lo-Foten, Vesterolen, Senya, Mageryo va boshqalar. Hududining katta qismini Skandinaviya tog’lari ishg’ol qiladi (eng baland joyi Galxyopiggen tog’i — 2470 metr). Foydali qazilmalari: temir, nikel, mis, titan, uran, molibden, kobalt va kumush rudalari. Shimoliy dengizning quruklikka yaqin sayoz qismida neft va gaz konlari bor. Iqlimi mo’tadil, shimoliy chekkasida Subarktika, sohilida okean iqlimi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda —2—4°, Janubda 2°. Yozi salqin, tez-tez yomg’ir yog’adi. Yillik yog’in 1000-3000 mm. Muzliklarning umumiy maydoni 3000 km2 ga yaqinni tashkil etadi. Yirik daryolari — Glomma, Logen (Gudbransdal), Logen (numedal). Katta gidroenergiya salohiyatiga ega bo’lgan bu daryolar qor, yomg’ir va muzliklardan to’yinadi. Eng katta ko’li — Myosa. Asosiy tuprog’i — yupqa tundra tuprog’i, Janubda tog’podzol tuprog’i uchraydi. Mamlakat hududining 27% o’rmon. Yovvoyi hayvonlardan tulki, silovsin, rosomaxa, suvsar, Los, bug’u, quyon, tiyin, lemming va boshqalar bor. Dengiz sohilida gala-gala qushlar, dengizlarda turli baliq va tyulen ko’p. Aholisining 97% norveglar. Saamlar, kvenlar, shvedlar, danlar, nemislar va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy til — norveg tili. Rasmiy din — lyuteranlik. Shahar aholisi 50%. Yirik shaharlari — Oslo, Bergen, Tronxeym va boshqalar. Tarixi. Norvegiya hududida odam muzlik davridan keyingi asrlardan beri yashaydi. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida saam va german qabilalari yashagan. Norveglarning hayoti azaldan dengiz bilan bog’liq: mamlakatning nomi ham «norveg» — «Shimoliy yo’l», «dengiz yo’li» ma’nosini bildiradi. 872 yil birinchi norveg qiroli taxtga o’tirdi. 8— 11-asrlarda mohir dengizchi bo’lgan norveg vikinglari Islandiyaga, Grenlandiya sohillari va shimoliy Atlantikadagi orollarga yetib borib, ularni mustamlakaga aylantirdilar. 11-asrda xristianlik joriy etildi, markazlashgan monarxiya qaror topdi. 14- asr o’rtalarida tarqalgan vabo mamlakat xo’jaligini, ijtimoiy va siyosiy xayotni izdan chiqardi, asta-sekin mustaqillik barbod bo’lishiga olib bordi. 1319 yil Shvetsiya, 1380 yil Daniya bilan ittifoq tuzdi. 1397 yil Kalmar Ittifoqiga ko’ra, Norvegiya Daniyaga tobe bo’lib qoldi, 1537 yil Daniyaning viloyatiga aylandi. 1805-14 yillardagi Angliyadaniya urushi va hosilsizlik Norvegiyani halokat yoqasiga keltirib qo’ydi, o’n minglab kishi ochlikdan o’ldi. 1814 yil Kil sulh shartnomasiga ko’ra, Norvegiya shvedlar mulki bo’lib qoldi. Bundan norozi bo’lgan norveg xalqi mustaqillik uchun kurash boshladi. O’sha yil 17 mayda birinchi parlament (ta’sis Majlisi) chaqirilib, Konstitusiya qabul qilindi va qirol saylandi. Shvetsiya-Norvegiya Ittifoqi 1905 yilgacha amal qildi, Norvegiya ichki mustakillikdan foydalandi. 1905 yil 7 iyunda Storting Shvetsiya-Norvegiya Ittifoqini bekor qildi. l-jahon urushida Norvegiya betaraflik e’lon qildi. 2-jahon urushi boshlanishi bilanoq Norvegiya betaraf ekanini bildirgan bo’lsa ham, 1940 yilda gitlerchilar Germaniyasi unga bostirib kirdi, Norvegiya hukumati Londonga ko’chdi. 1942 yil fashistlar Norvegiyada V. Kvisling boshchiligida sotqin hukumat tuzdi. Mamlakatda qarshilik ko’rsatish harakati avj oldi. 1945 yil 8 mayda Norvegiya ozodlikka erishdi. Urushdan keyingi yillarda mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash va rivojlantirishga kirishildi. 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan Diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 10 iyunda o’rnatgan. Milliy bayrami — 17 may — Konstitutsiya kuni (1814). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Norvegiya ishchi partiyasi, 1887 yil asos solingan; Markaz partiyasi, 1920 yil tashkil etilgan; taraqqiyot partiyasi, 1973 yil tuzilgan; Venstre, Liberal partiya, 1884 yil asos solingan; sotsialistik so’l partiya, 1975 yil tashkil etilgan; xristian xalq, partiyasi, 1933 yil tuzilgan. Xeyre, konservativ partiya, 1884 yil asos solingan. Norvegiya kasaba uyushmalari markaziy birlashmasi, 1899 yil tashkil etilgan. Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Yevropa kasaba uyushmalari konfederasiyasiga kiradi. Xo’jaligi. Norvegiya — rivojlangan industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 28,6%, qishloq xo’jaligi ulushi 2,9%. Dengiz kema qatnovi, baliq ovlash, tashki savdoning roli katta. Sanoatning yetakchi tarmoqlari: elektr metallurgiya, elektr kimyo, tsellyuloza-qog’oz, baliq sanoati, asosan tashki bozor uchun ishlaydi. Ichki bozorga xizmat qiladigan tarmoqlar orasida oziq-ovqat va yengil sanoat bilan birga mashinasozlik va metallsozlik durust taraqqiy etgan. Konchilikda temir va titan rudasi, kumir, neft va gaz qazib olish katta urin tutadi. Elektr energiyaning 99% GESlarda hosil qilinadi (yiliga o’rtacha 122 milliard kVt-soat). Qora va rangli metallurgiya, kemasozlik, elektrotexnika, radiotexnika va yog’ochsozlik sanoati ko’proq rivojlangan. Aholi jon boshiga elektr energiyasi, tsellyuloza-qog’oz mahsulotlari, ferroqotishma, alyuminiy ishlab chiqarish va kemasozlikda Norvegiya dunyoda oldingi o’rinlarda turadi. Qishloq xo’jaligi. Mamlakatning tabiiy sharoiti qishloq xo’jaligi uchun juda noqulay. Tog’-tosh ko’pligidan Norvegiya hududining 3% ga yaqini haydaladi. Qishloq xo’jaligi, asosan, go’sht-sut chorvachiligiga ixtisoslashgan. Dehqonchiligida yem-xashak ekinlari, bir oz miqdorda g’alla (suli va arpa), kartoshka ekiladi. Chorvachilikda yilqi, qoramol, qo’y, cho’chqa, parranda boqiladi. Qishloq xo’jaligi mamlakatning oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini qondira olmaydi. Mo’yna hayvonotchiligi, baliqchilik rivojlangan, o’rmonlarda ko’p miqdorda yog’och tayyorlanadi. Ichki yuklar va tashqi savdo mahsulotlarining aksariyati dengiz kemalarida tashiladi. Dengiz savdo flotining tonnaji 38,3 million tonna dedveyt. Yirik portlari: Oslo, bergen, Stavanger. Temir yo’l uzunligi — 4 ming kilometr, avtomobil yo’llari 89,7 ming kilometr. Asosiy aeroportlari — Fornebu (Oslo), Sulla (Stavanger) va budyo. Chetga neft va tabiiy gaz, kemasozlik, tsellyuloza-qog’oz va kimyo sanoati mahsulotlari, qora va rangli metallar, baliq mahsulotlari chiqaradi. Chetdan mashina, mineral xom ashyo, avtomobillar oladi. Tashqi savdodagi asosiy hamkorlari: Buyuk Britaniya, Shvesiya, GFR, Niderlandiya. Pul birligi — krona. Tibbiy xizmati. Norvegiyada sog’liqni saqlash yuqori darajada tashkil etilgan. Tibbiy xizmat qiymatining 80% ijtimoiy sug’urta hisobidan qoplanadi. Vrachlar universitetlarning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Sankt-Olafs-Kille, Sanneford, Larvik, Xanke balneologik kurortlari, g’arbiy sohilida bergen dengiz bo’yi iqlimiy shifoxonasi bor. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Dastlabki maktablar 12-asr boshlarida ochilgan. 1848 yil 7 yoshdan 13-14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy etildi, 1968 yil 16 yoshgacha yetkazildi. Hozirgi ta’lim tizimi maktabgacha tarbiya muassasalari, 6 yillik kichik va 3 yillik yuqori majburiy maktablar, o’rta umumiy ta’lim maktabi — gimnaziyalar, hunar-texnikala o’rta maxsus o’quv yurtlarini o’z ichiga oladi. Oslo, bergen, Tronxeym, Tromsyodagi universitetlar, 10 ta institut oliy ta’lim beradi. Mamlakatdagi ilmiy tadqiqotlarni fan va texnika davlat qo’mitasi hamda ilmiy tadqiqotlar maslahat kengashi muvofiklashtiradi. Norvegiya fan va adabiyot akademiyasi (1857), 300 dan ortiq ilmiy tadqiqot instituti, sanoat va savdo firmalarining 300 laboratoriya, 40 ga yaqin ilmiy jamiyat va boshqalar bor. Bundan tashqari, Oslo universitetida 90, Tronxeym universitetida 50 ilmiy tadqiqot instituta va laboratoriya ish olib boradi. Universitetlar huzurida yirik kutubxonalar va Oslo shahri kutubxonasi, Norvegiya xalq muzeyi (1894), universitet milliy osori atiqalar muzeyi, milliy galereya, amaliy san’at muzeyi, zoologiya muzeyi va boshqalar bor. Norveg vikinglarining kemalari, T.Xeyerdalning «kontiki» Soli muzeyda saqlanayotir. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Eng yirik gazeta va jurnallari: «Adresseavisen» («manzilli gazeta», kundalik gazeta, 1767 yildan), «Arbeyderbladet» («ishchilar gazetasi», kundalik gazeta, 1884 yildan), «Bergene arbeyderblad» («bergen ishchilar gazetasi», kundalik gazeta, 1927 yildan), «Verdene Gang» («harakatdagi dunyo», kundalik gazeta, 1945 yildan), «Vort Land» («bizning mamlakat», kundalik gazeta, 1945 yildan), «Dagbladet» («kundalik gazeta», 1969 yildan), «Morgenbladet» («tonggi gazeta», kundalik gazeta, 1819 yildan), «nashunen» («millat», kundalik gazeta, 1896 yildan), «Norges indo’stri» («Norvegiya sanoati», 2 haftada chiqadigan jurnali, 1920 yildan), «fremover» («olg’a», kundalik gazeta, 1903 yildan), «Xarstad Tidende» («Xarstad gazetasi», kundalik gazeta, 1887 yildan), «Aktuelt perspektiv» («dolzarb istiqbol», jurnal, 1963 yildan), «Fri fagbevegelse» («erkin kasaba harakati», 2 haftada chiqadigan jurnal, 1906 yildan) va boshqalar. Norvegiya telegraf byurosi (NTB) — norveg gazetalarining aktsiyadorlik jamiyati, 1867 yilda tuzilgan. Norvegiya Davlat radioeshittirish Mahkamasi (1933 yilda asos solingan) mamlakatdagi radioeshitirish va teleko’rsatuvlarni nazorat qiladi. Adabiyoti. Qadimgi norveg adabiyoti yodgorliklari deyarli saqlanib qolmagan. Og’zaki xalq afsonalari va qahramonlik qo’shiqlari yozma adabiyotning ilk manbalari bo’lgan. «Tushdagi sharpa» dostoni va «Qirol ko’zgusi» aytishuvi (dialogi) 13-asrga oid adabiy namunalardir. 14-15-asrlarda ballada paydo bo’ldi. Daniya hukmronligi davrida adabiyot tushkunlikka uchradi, dan tili ko’p vaqt Norvegiyaning adabiy tili bo’lib turdi. 18-asrda milliy tuyg’u kuchayishi bilan norveg adabiyoti yuksala bordi, dramaturgiya va lirika rivoj topdi. Norveg va dan madaniyatlarining atoqli namoyandalari — Skandinaviya teatrining ijodkori — L.Xolberg va shoir K.Tullin shu davrda faoliyat ko’rsatdi. 1772 yil Kopengagenda norveg adabiyotini tiklash maqsadida «Norveg jamiyati» tuzildi. Shu yili Yu.N.Brun birinchi milliy drama va Norvegiya madhiyasini yaratdi, K.Fasting, K. Friman milliy vatanparvarlik ruhidagi she’rlarini yozdi. 19-asr 1-yarmida tarix va folklorga qiziqish kuchaydi, P.K.Asbyornsen va Y.E.Mu norveg xalq ertaklarini yig’ib nashr etdilar, xalq qo’shiklari va balladalarini yozib olishga kirishildi. Dramaturgiya va lirika rivojlandi. 50-yillarning 2-yarmida realizm xususiyatlari paydo bo’ldi (B.M.Byornsonning «Badjaxl Segurd» dramatik trilogiyasi, ya.K.Kolletning «Amtmann qizlari» romani va boshqalar). 70-90-yillarda tanqidiy realizm ustunlikka erishib, norveg adabiyotini jahon darajasiga ko’tardi. (G.Ibsen, B.M.Byornson, Yu.Li, A.Xellann ijodi). 20-asr boshlarida yu.Boyer, U.Duun, S.Unset kabi yozuvchilar adabiyotga kirib keldilar. S.Xyol, A.Omre, A.Sandemuse, T.Vesos, Yu.Borgen inson ruxiyatini teran aks ettirdilar. 2-jahon urushi yillarida Norvegiya yozuvchilari fashizmga qarshi kurashda qatnashdilar, 300 ga yaqin yashirin gazeta chiqarib turildi. Urushdan keyin yaratilgan ko’pgina asarlar qarshilik ko’rsatish harakatiga bag’ishlandi. 70-90-yillarda ijod qilgan shoirlar R.Yakobsen, Ya.Bryuxeym, A.Andersen atrof dunyo chigalliklarini tasvirladilar. G.Lyunde, E.Xovardsxolm va boshqa jamiyat illatlarini tanqid qildilar. Me’morligi. O’rta asrlarda Norvegiyada yog’och me’morligi rivoj topdi, qo’sh sinchli cherkov («stavkirka»)larning o’ziga xos toifasi vujudga keldi (Urnes va borgunnadagi cherkovlar). 12-16-asrlardagi g’ishtli imoratlarda roman va gotika me’morligining ta’siri seziladi. Bergendagi 16-asr 2-yarmi va 17-asrga mansub Rozenkrans minorasida Uyg’onish davri, Ser-Frundagi 18-asrga oid cherkovda barokko va rokoko, Tronxeymdagi 19-asrga mansub qirol qarorgohida klassisizm me’morligi unsurlaridan foydalanildi. 19-asr me’morligida eklektizm (Byugdyo yarim oroldagi Oskarsxoll qasri, me’mor Yu.Nebelong), 20-asr boshlarida funktsionalizm (Oslodagi «Skansen» restorani, me’mor L.Bakker) usullari ustunlik qildi. Keyingi o’n yilliklarda Oslodagi ratusha (me’morlar A.Arneberg va M.Poulson), «Viking» mehmonxonasi (me’mor K. Knutsen), hukumat uyi (me’mor E.Vikshe), Xovikaddendagi muzey (me’morlar I.Eykvar, S.Engeb-retsen) binolari qurilishida o’ziga xos milliy me’moriy shakllar paydo bo’ldi. Mahalliy xalq me’morligi an’analariga murojaat qilinib, mehmonxona, xususiy villalar, hovlili koshona uylar qurila boshlandi. Tasviriy san’ati. Neolit va jez davrlarida qoyalarga ishlangan rasmlar Norvegiya hududidagi eng qadimgi san’at yodgorliklaridir. 8-asr oxirida o’rta asr san’ati (yog’och, fil suyagi o’ymakorligi va hokazolar) tarkib topgan. 13-14-asrlarda gotika uslubidagi tasviriy san’at rivojlandi. Haqiqiy norveg san’ati 19-asrda yuzaga keldi. Atoqli rassom Yu.Dal go’zal manzaralar chizdi, A.Tidemann, X.Gude, F.Kollett, X.Bakker xalq hayotini tasvirladilar. 20-asr 1-yarmida monumental-bezak san’atining roli kuchaydi. Haykaltaroshlardan R. Lunne, G. Yanson mashhur bo’ldi. 20-asrning 2-yarmida abstraktsionizm va turli modern oqimlari vujudga keldi. Amaliy san’at (metall buyumlar, jimjimador yog’och anjomlar yasash, gazlama, to’r to’qish, kashtachilik, kulollik) xalq orasida keng tarqalgan. Musiqasi qadimda yuzaga kelgan. O’ziga xos norveg xalq qo’shiqlari (qahramonlik va muhabbat qo’shiqlari, qissa-qo’shiqlar, cho’pon va Baliqchi qo’shiklari), raqslar (xalling, Springtar va boshqalar), cholg’u kuylari (lyuarslott va boshqalar) keng yoyilgan. Azaliy cholg’u asboblari — Bukkexorn (echki shoxi), prillar (buqa shoxi), Sele (nayning bir turi), xartingfele (g’ijjakning bir turi) va boshqalar. 16-asrda sayyor baxshi (zingmeyster)lar, mohir skripkachilar, organchilar bo’lgan. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida F.Grot, AFlintenberg, F.Fogel, L.M.Linneman kabi kompozitor, dirijyor va musiqa nazariyotchilari ijod qilgan. 1850— 60 yillarda X.Xerulf, U.Bull, R.Nurdrok va boshqa milliy musiqa maktabini yaratdilar. E.Grig ijodi va ijtimoiy faoliyati musiqa madaniyati yuksalishiga katta ta’sir qildi. Kompozitor F. U. Valen zamonaviy norveg musiqasiga asos soldi. 20-asr o’rtalarida X.Severud, K.Eg-Ge, E.Tveyt, L.Yensen, A.Yanson, L.Nilsen kabi kompozitorlar ijod qildilar. Osloda Norvegiya operasi (balet truppasi bilan), Oslo va Bergenda konservatoriya, Tronxeymda Oliy musiqa maktabi va boshqalar bor. Teatri. Milliy teatr faoliyati diniy va maishiy udumlarni sahnalashtirishdan boshlangan. 18-asr o’rtalarida Kristianiya (hozirgi Oslo) va Bergenda havaskor teatr truppalari tuzildi. 1780 yil doimiy teatr ochildi. 1899 yil Kristianiyada barpo etilgan Milliy teatrda G.Ibsen, B. M. Byornson, U. Shekspir, F.Shiller, B.Shou asarlari qo’yildi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Kristianiya, bergen, Tronxeym, Stavangerda yangi teatrlar barpo etildi. X.Krog, N.Grig va boshqa yozuvchilarning pyesalari sahnalashtirildi. 2-jahon urushi (1939-45) davrida Norvegiya teatrlari inqirozga uchradi. Mamlakat ozod etilgach, teatrlarda jahon va milliy mumtoz dramaturgiyasining asarlari ko’rsatildi. Osloda aktyor va rejissyorlar tayyorlaydigan Davlat teatr maktabi (1953) bor. Kinosi. 1908 yildan kinofilmlar chiqarila boshlandi. 20-yillarda chet el filmlariga taklidiy filmlar yaratilgan bo’lsa, 30-yillarda o’tkir ijtimoiy va tarbiyaviy mavzularga murojaat etildi («sayoq», «Torres Sner-tevold», rejissyor T.Ibsen). 40-60-yillarda qarshilik ko’rsatish harakatiga bag’ishlangan filmlar — «yashashni xoxlaymiz» (rejissyor U. Dalgar), «qochoqlar» (rejissyor T. San ne), «To’qqiz hayot» (rejissyor A.Skouen) Norvegiya kinosining katta yutug’i bo’ldi. Keyingi yillarda rejissyorlardan N.Myuller, N. Kristensen, T.Vibe-Myuller va boshqalar riyokorona axloqni fosh etuvchi filmlar yaratishdi. Norvegiyada hujjatli, ilmiy ommabop (rejissyor P.Xest, A.Berg, T.Xeyerdal) va multiplikatsiya (rejissyor I. Kaprino) kinosi ham rivojlangan.