Nurullaboy saroyi

Nurullaboy saroyi – Xivadagi me’moriy yodgorlik. Asfandiyorxonning sobiq rasmiy qabulxonasi (20-asr). Bu saroy-bog’ni Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Feruz o’g’li Asfandiyorxon uchun qurdirgan (Nurullaboy degan shaxsning bog’i o’rniga qurilgani uchun Nurullaboy saroyi deb ataladi). Nurullaboy saroyi 9 ta katta-kichik xonalar, darvozaxona, saroy, qabulxona, arzxona, madrasa, xizmatchilar uchun turar joy, bog’, gulzorli hovlilardan iborat. Majmuaga (185,6×143,0 metr) Janubdagi ariq ustiga qurilgan ko’prik orqali darvozadan kiriladi. Darvozaxonaning dalonida bir necha xonalar bor. Saroy to’g’ri to’rtburchak tarhli (87,1×65,0 metr), 4 hovlili, qal’aband devor (balandligi — 7,5 metr) bilan o’ralib, Burjlar ishlangan. 3 hovlida 2 qavatli, Janubiy-g’arbiy hovlida 1 qavatli xonalar joylashgan. Bosh tarsi darvozasi madrasa, turar joy va arzxona bilan o’zaro bog’langan. Saroy shimoldagi 2 hovli ayvonlarning tomi ikkinchi qavat uchun o’tish joyi vazifasini o’taydi. Katta hovli saroyning shimoliy- g’arbiy qismini egallagan. Hovlida quduq bor. Qabulxona (27,5×32,1 metr) saroyning shimoliy-sharqida, o’ziga xos yevropacha uslubda qurilgan. Bosh tarzi Jan.ga qaratilgan. 1 qavatli, 7 xonasi bor. Old va orqa tomoni ayvonli. Arzxona (82,0×71,0 metr) saroyning sharqida joylashgan. Tarhi «g» shaklida, Janub qismi uch burchakli, shimoliy va g’arbga qaratilgan ayvonlari mavjud. Madrasa bosh tarzi sharqqa qaragan. Janubiy-Sharqiy burchagida 4 ustunli 2 qavatli masjid, shimoli-g’arbida ayvon, hovli atrofida darsxona va hujralar joylashgan. Tashqi devorlari va 4 burchagidagi guldastalar pishiq g’isht va koshin bilan bezatilgan. Bog’saroyga tushgan bo’lib, baland qal’aband devor bilan o’ralgan, Burjlar ishlangan. Bog’ning 3 tomonida eshik bo’lib, 2 eshik saroy bilan, sharqdagisi arzxona, qabulxona bilan bog’langan. Bog’ o’rtasida 8 qirrali hovuz bor. Nurullaboy saroyining ganchkor devorlari oltin va kumush bilan hallangan, zalning «oltin shifti» nihoyatda kurkam, undagi murakkab girix, naqshlar o’ziga xos, ichki va tashqi darvozalari, eshiklari, ayvon ustunlaridagi naqshlar Xorazm yog’och o’ymakorligining yuksak namunasidir. Qabulxonadagi baland eshiklar, katta rangdor oynalar, parket pollar va koshinkor pechlar Yevropa me’morligi bilan uyg’unlashgan. Tashqi tomoni silliq g’ishtlar va Feruza rang koshinlar bilan shaxmat taxtasi shaklida bezatilgan. Uni qurishda ganchkor ustalar Xudoybergan hoji, usta Nurmat, Ro’zimat Mashari-pov, yog’och o’ymakorligi va uni bo’yash ustalari Bobojon Qalandarov, Ota Shayx, Ismoil Abduniyozov, g’isht teruvchi Quryoz Bobojonov va boshqalar qatnashgan. Nurullaboy saroyi mujassamotida Xorazm milliy uy-joy qurilishining an’anaviy xususiyati o’z ifodasini topgan. Ad.: Mankovskaya L ., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.