Ohangaron daryosi

Ohangaron daryosi – Toshkent viloyatidagi daryo. Chatqol va Qurama tog’ tizmalaridan oqib tushadigan soylardan hosil bo’ladi. Uzunligi 236 kilometr (Oqtoshsoyning boshlanish yeridan), havzasining maydoni 7710 km2. Chovlisoy quyilgan yerdan Turk qishlog’iga qadar daryo Ohangaron platosini kesib o’tgan tor daradan oqadi. Daraning chuqurligi 250 metr (daryoning bosh qismida). Yakkaarchasoy quyilgan joyida 800 metr. Daryo vodiysi juda tor. Turk qishlog’iga qadar daryoning nishabi katta. Shu joydan vodiy keskin kengayadi, Obliq qishlog’i yaqinida uning kengligi 700 metr, Ohangaron shahri yaqinida 4-5 kilometr. Vodiy yon bag’irlari yotiq, soylik va jarliklar uchraydi. Obliq qishlog’idan quyida allyuvial ko’hna qayir (Terrassa)lar mavjud. Ohangaron shahridan o’tgach, daryo kengligi 8 kilometrli vodiyda oqa boshlaydi. Ohangaron daryosi qor va yomg’irdan to’yinadi. Aprel—iyunda suvi ko’payadi, eng ko’p suv sarfi may oyida, suvining 51% shu oylarda oqadi. O’rtacha suvi sarfi Turk qishlog’i yonida 22,8 m3/sekund, o’rtacha yillik suv sarfi 400 m3/sekund. Ohangaron daryosining irmog’i juda ko’p, yiriklari: Arashon, Ertoshsoy, Toshsoy, Dukantsoy, Qorabayirsoy, Oqchasoy, Niyozboshi, Objazsoy, Gushsoy. 1962 yilda Ohangaron daryosining quyi oqimida «Toshkent dengizi» deb nom olgan Toshkent suv ombori, 1989 yilda Ohangaron suv ombori qurilgan. Daryodan Tanachi-buqa va Yordon kanallari chiqarilgan.