Bilasizmi?

Oltin asr nima?

Ba’zi zamonlarda dunyoning ayrim bir go’shalarida sivilizasiya rivoji favqulodda yuksakliklarga erishadi, kishilar esa ulug’ ishlarni amalga oshiradilar. Yunonistonda Iso Masih Mavludidan avvalgi 500 yildan to 428 yilga qadar davom etgan oltin asr shunday davrlardan biri. V asr boshlarida forslar Yunonistonga bostirib kiradilar, ammo yunonlar qo’zg’olon ko’taradilar va bosqinchilarni yurtlaridan haydab chiqaradilar. Afina ahli bu kurashga rahnamolik qilganligi tufayli Afina Yunonistondagi eng boy va qudratli davlatga aylanadi. Afinaliklar qurgan kemalar floti Yunonistonning birgalikda olingan hamma flotlaridan ham kattaroq edi. Boyliklar Afinaga qarab oqdi, boshqa davlatlardan olinadigan xiroj, savdo-sotiq, kumush konlari ularning asosiy manbalari edi. Afina aholisi to’rt barobar ko’paydi. Yangi odamlar, kuch-qudrat tufayli san’at ravnaqi Afinada o’shanga qadar tarixda hech uchramaydigan avj bir pallada edi. Bu ayni chog’da, Afinaning zakovatli va tadbirkor dahosi Perikl sharafiga shunday atalgan — Perikl asri ham edi. Ushbu davr davom etar ekan, dunyodagi eng go’zal va eng dongdor imoratlardan biri — Parfenonning qurilishi boshlangandi. O’sha kezlar Afinada istiqomat qilgan kishilar orasida ulug’ haykaltarosh Fidiy, mutafakkir Sokrat, tarixdagi bir necha eng a’lo pesalarni yaratgan dramaturglar Sofokl va Evripidlar bor edilar. Afinani yanada dabdabaliroq qilishning uddasidan chiqadigan har bir zotni rag’batlantirishardi, va tabiiyki, bu e’tirof natijasi o’laroq, ko’plab durdonalar dunyoga kelgan edi. Keng ko’lamli ravnaq va shunga mos kuch-qudrat sharofatidan kishilar ko’p bo’sh vaqtga ega bo’lishgan. Afina fuqarolari ega bo’lgan asliy va madaniy qiziqishlar va manfaatlar tarixda unga qadar ham, undan keyin ham mavjud bo’lgan istalgan jamiyatnikidan ko’proq va sermazmunroq edi. Yunoniston oltin asri hatto bizning zamonamizda butun dunyoni asir etayotgan durdonalar, san’at asarlari xazinasini yaratdi. Keyinchalik, miloddan avvalgi V asrda Afina va ittifoqchilarga ega Sparta o’rtasida kurash boshlanadi. Afina madaniyatiga darz ketdi va oltin asr nihoyasiga yetdi.