Omon Matjon (1943-2020)

Omon Matjon (taxallusi; asl ism-sharifi Matchonov Omon) (1943.14.2, Xorazm viloyati Yangibozor tumani — 2020.29.10, Toshkent) — O‘zbekiston xalq shoiri (1993). Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1969). G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bo‘lim mudiri (1969-85), «Yoshlik» jurnalida bosh muharrir (1985-91), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul xodim (1991-94), O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasida rais o‘rinbosari (1994-99), «Cho‘lpon» nashriyotida direktor (1999-2001), 2001 yildan «Gulxan» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

She’rlari 1965 yildan boshlab e’lon qilina boshlagan. Shoirning «Karvon qo‘ng‘irog‘i» (1973), «Quyosh soati» (1974), «Yonayotgan daraxt» (1976), «Yarador chaqmoq» (1977), «Seni yaxshi ko‘raman» (1981), «Daraxtlar va giyohlar» (1984), «O‘rtamizda birgina olma» (1990), «Odamning soyasi quyoshga tushdi» (1991), «Qush yo‘li» (1993), «Iymon yog‘dusi» (1994), «Ardaxiva» (2000), «Xoja Ahror ziyoratlari» (2002) va boshqa she’riy asarlarida voqelikni nozik his etgan holda badiiy ifodalash, muayyan hodisadan favqulodda falsafiy xulosalar chiqarish, o‘zi tug‘ilib o‘sgan muhit koloritiga mos ifodalar topish tamoyili ustuvorlik qiladi.

Omon Matjon lirik she’rlar bilan birga lirik qissa va dramatik doston janrlarida ham ijod qilib, Xorazm xalq afsonalarining o‘ziga xos badiiy talqini — «Haqqush qichqirig‘i» (40 afsona, 1979) she’rlar kitobini, istiqlol arafasidagi sho‘rolar mamlakati hayotining ziddiyatli manzaralari va jarohatlari tasviriga bag‘ishlangan «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) qissasini, shuningdek, o‘zbek xalqining Xorazmdan chiqqan buyuk siymolari haqidagi dramatik dostonlari («Pahlavon Mahmud», 1975; «Beruniy», 1977 va b.) ni yaratgan.

«Ming bir yog‘du» (1982) asari Navoiy «Xamsa»si ta’sirida yozilgan. Omon Matjon bu asarlarida o‘tmishda yashab ijod qilgan o‘lmas siymolar hayoti va hozirgi davr muammolarini tasvirlashda liro-epik she’riyat imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalangan. O‘zbek she’riyatiga Xorazm shevasiga xos leksik unsurlar va musiqiy ohanglarni olib kirgan, lirik she’riyatni epik she’riyat unsurlari bilan boyitgan.

Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).