Patir

Patir — non turi. Shirmoy Patir, qashqari Patir, ko’k Patir, qiymali Patir, patircha kabi turlari bor. Ularning har biri masalligi, tayyorlanish usuli bilan farq qiladi. Tayyorlanishi: iliq sutda tuz va xamirturush eritiladi, so’ngra qo’y yog’i (yoki sariyog’) qo’shilib xamir qoriladi. Xamir oshgach, 500 grammli zuvalalar uziladi. Zuvaladan chekkalarining qalinligi 3-4 santimetr, o’rtasining qalinligi 1 santimetr keladigan non yasaladi, uning yupqa joyiga zich chakich uriladi. Non chetlari pichoq bilan tilinib, naqsh beriladi. Yasalgan Patir betiga 15-20 minut dasturxon yopib qo’yiladi. Tandirga yopish oldidan olov kul bilan ko’miladi, namakob sepiladi. Tandirdan uzilgan Patirning yuziga eritilgan dumba yog’i surkaladi.