Patna
Patna — Hindistonning shimoliy qismidagi shahar. Gang daryosining o’ng sohilidagi port. Bihar shtatining ma’muriy markazi. Transport yo’llarining muhim tuguni. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan savdo qilinadigan markaz. Aholisi 1,7 million kishi (2001). Ip gazlama, oziq- ovqat, metallsozlik korxonalari bor. Hunarmandchilikda gilam va parcha to’qiladi, mebel va metall buyumlar tayyorlanadi. Universitet (1917), muzey, noyob qo’lyozma asarlar saqlanadigan kutubxona bor. Shaharga miloddan avvalgi 5-asrda asos solingan. Hozirgi nomi bilan 12-asrdan ma’lum. Qadimda va ilk o’rta asrlarda Patna o’rnida Maurya davlati poytaxti — Pataliputra shahri bo’lgan. Ashoka saroyi (miloddan avvalgi 3-asr) qoldiqlari saqlangan.