Pugachyova Alla Borisovna
Pugachyova Alla Borisovna (1949.15.4, Moskva) — rus estrada xonandasi. Xalq artisti (1991). Moskvadagi teatr san’ati institutini tugatgan (1981). O. Lundstrem rahbarligidagi estrada orkestrida (1971-72), Roskontsertda (1978-87) yakka xonanda, «qo’shiq teatri» teatr-studiyasining asoschisi va badiiy rahbari (1988 yildan). Pugachyova ijodi yuqori vokal va aktyorlik san’ati, har bir qo’shig’ini mukammal dramaturgik asar darajasiga ko’tara olishi, jo’shqinlik, ko’tarinkilik kabi o’ziga xos uslubi bilan ajralib turadi. Repertuaridan R. Pauls, A. Zatsepin, M. Tariverdiyev, I. Nikolayev va boshqa kompozitorlar hamda o’zi bastalagan qo’shiqlar o’rin olgan («Arlekino», «million qizil atirgul», «Maestro», «paromchi», «bu dunyo», «menga yokadi», «Aysberg» va boshqalar). Yevropa, Amerika va Osiyo (jumladan, O’zbekistonda ham) gastrolda bo’lgan. Xalqaro Estrada tanlovlarida (Bolgariya, 1975; Polsha, 1978) Granpri mukofotiga sazovor bo’lgan. Rossiya Davlat mukofoti laureati (1994).