Qarshi tumani
Qarshi tumani — Qashqadaryo viloyatidagi tuman, 1931 yil 1 oktyabrda tashkil etilgan. Shimoldan Koson, shimoli sharqdan Chiroqchi, sharqdan Qamashi, G’uzor, Janubdan Nishon, g’arbdan Kasbi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,9 ming km2. Aholisi 177 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Beshkent), 15 ta qishloq fuqarolari yig’ini (Bog’obod, Dasht, Ertepa, Kat, Kojar, Nuqrobod, Paxtakor, Poshton, Talliqo’rg’on, Xonobod, Charog’il, Cho’libo’ston, Qovchin, Qoratepa, Hilol) bor. Markazi — Beshkent shahri. Tabiati. Tuman hududi Qashqadaryoning eng quyi oqimidagi tekislikda joylashgan (eng baland joyi 387 metr). O’rqir joylar (Mullaquvvat qirlari, balandligi 424 metr, Qo’ng’irtog’, balandligi 571 metr), botiqlar (Charog’il botig’i) va sho’rxoklar bor. Tuman hududi orqali Qashqadaryo va uning irmoqlari, Fayziobod, Patron—Beshkent va boshqalar kanallar oqib o’tadi. Gazneft, qo’ng’irtosh, shag’al qazib olinadigan konlar bor. Iqlimi kontinental. Qishi iliq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0°, 2°. Ba’zan, -22°, -27° gacha sovuq bo’lishi mumkin. Yozi issiq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28,8°, eng yuqori temperatura 47°. Temperatura 5° dan yuqori bo’lgan kunlar soni 284 -298 kunni tashkil etadi. Yillik yog’in 190 — 220 mm. Tuproqlari unumdor bo’z tuproqlardan iborat. Daryo vodiysida o’tloq, Allyuvial, Charog’il botig’ida sho’rxok tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi o’simliklardan sho’ra, shuvoq, yantoq, oqquray, kovrak, qarg’aoyoq, qamish, sho’rajriq, yulg’un va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, chiyabo’ri, qo’shoyoq, jayra, yumronqoziq, echket; Mar, qum bo’g’ma iloni uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar (97,3%), shuningdek, tojik, qozoq, rus, qirg’iz, turkman va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 196,6 kishi. Shahar aholisi 16,5 ming kishi, qishloq aholisi 160,5 ming kishi (2005). Xo’jaligi. Tuman qarshi shahri atrofida joylashganligi uchun paxtachilik bilan birga g’allachilik, sabzavot va polizchilik, bog’dorchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. Tumanda qarshi shahri attorlik va to’quvchilik fabrikasining gilam to’qish tsexi, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari, paxta tozalash, g’isht zavodlari, bozorlar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Kichik, o’rta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. 5 qo’shma korxona ishlab turibdi. Qarshi tumanida dehqon, fermer xo’jaliklari faoliyat ko’rsatadi. 16,5 ming gektar yerga paxta, 15,2 ming gektar yerga don, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz, ozuqa ekinlari ham ekiladi. Tutzor, tokzor, mevazorlar bor. Ko’pyillik daraxtzorlar, ko’chatzorlar, ihota daraxtzorlar, yaylovlar mavjud. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 50,5 ming qoramol, 82 ming qo’y va echki, 53,5 ming parranda, 435 yilqi boqiladi. 60 umumiy ta’lim maktabi (43 mingdan ziyod o’quvchi), litsey, bolalar musiqa maktabi, 3 kasb-hunar kolleji (1,6 ming o’quvchi), 36 kutubxona (290 ming nusxa asar), 3 madaniyat uyi, 13 klub muassasasi faoliyat ko’rsatadi. Madaniyat va istirohat bog’i, ashula va raqs ansambllari mavjud. Stadion, tennis korti va boshqalar sport inshootlari bor. Beshkent shahrining Mustaqillik maydonida «Xumo qushi» monumenti o’rnatilgan. Tuman Markaziy kasalxonasi (315 o’rin), tug’ruqxona, 3 poliklinika, 14 qishloq vrachlik punkti, qishloq uchastka kasalxonasi, 9 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 36 feldsher-akusherlik punktida 216 vrach, 1456 o’rta tibbiy xodim aholiga xizmat ko’rsatadi. Qarshi tumanida tarixiy va me’moriy yodgorliklardan Hazrati Sulton maqbarasi (12-16 asrlar), Toshmasjid (16-18-asrlar), xalfa Eshon masjidi (16-17-asrlar), Chorgumbaz masjidi (16— 17-asrlar) va boshqalar saqlangan. Beshkent — Qarshi yo’nalishida avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. 1991 yildan «Naxshab» gazeta nashr etiladi (adadi 600 nusxa).