Qashqadaryo qo’g’irchoq teatri

Qashqadaryo qo’g’irchoq teatri — Qashqadaryo viloyati davlat qo’g’irchoq teatri. 1994 yil 15 martda «Dangasaning holi voy» (rejissyor Sh.Yusupov, rassom V.Akudin) spektakli bilan ochilgan. Teatr Mulla To’ychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri binosi ichida, bir qanotidagi zal mazkur teatrga moslashtirilgan (80 o’rinli). Dastlabki yillarda S.Berdiyev, J.Toshev, D.Karomov, R.Mustafoeva, X.Sattorov, A.Ro’zieva, B.Pratov, I.Butunov, A.Sattorovlar ishlagan. Faoliyati davomida teatr «qopqoq», «Qovoqvoy va qovunlar». «G’alamislar qo’zg’oloni» (muallifi va rejissyor X. Sattorov), «Chiychiyoyning sarguzashtlari» (Z.Chepoveskiy; Sh.Yusupov), «quvnoq masxarabozlar» (X.Sattorov; G’.Hamroyev), «Badjahl quyoncha» (M.Suponan; G’.Hamroev), «Chimildiq» (E.Xushvaqtov; X.Sattorov), «G’aroyib mehr», «ochko’z Kachal» (I.Saidalimov; G’.Hamroev), «Quyosh nuri» (E.Popesku; G’. Hamroev), «Qitirqitir kim bo’ldi» (E.Chepoveskiy; X.Sattorov), «Meshpolvon» (A.Obidjon; G’.Hamroev), «men dahshatli Barmaley» (X.Sattorov; M.To’raqulov) kabi spektakllar, bir qator qo’g’irchoq kontsertla- rini sahnalashtirgan. Bolalar ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlar, axloqiy mezonlarni singdirish vazifasini bajaradi. Teatr, maktab, oromgohlar sahnalarida ham tomoshalar ko’rsatadi, katta teatr va qarshi shahri maydonlarida o’tkaziladigan bayram va yubiley tadbirlarida qatnashadi. Teatrning shakllanishi va rivojlanishida rejissyor G’ayrat Hamroyevning xizmatlari katta. Teatrda rejissyor Xolmurod Sattorov, rassom Mirzohid Mamatov, aktyorlardan S.Saidova, A.Xudoyorov, I.Saidolimov, Sh.To’xtamishev, I.Qurbonov, O.Mamatov, T.Xudoyberdiev, F.Beknazarov, N. Husanova, L.Primova va boshqalar yetakchilik qilmoqdalar. Muhsin Qodirov.