Qishloq vrachlik punkti

Qishloq vrachlik punkti (QVP) — davolash-profilaktika muassasasi, ma’lum hududga biriktirilgan aholiga malakali tibbiy yordam ko’rsatadi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 may «Qishloq ijtimoiy infrastrukturasini rivojlantirishning 1996 — 2000 yillarga mo’ljallangan Davlat dasturi to’g’risida»gi 182-son qarori, O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining 1996 yil 30 may 464-sonli buyrug’iga asosan tashkil qilingan. Shunga ko’ra, QVP 1500 va undan ortiq aholi yashaydigan joylarda tashkil qilinadi. Hozirgi kunda faoliyat ko’rsatayotgan QVP aholi soniga qarab 4 toifaga bo’linadi, undagi vrachlar hamda o’rta tibbiy xodimlar shunga muvofiq belgilanadi: — aholisi 1500 — 2500 gacha I toifali; — 2500 — 3000 gacha II toifali; — 3000 — 5000 gacha III toifali; — 5000 — 7000 va undan ortiq IV toifali. QVP quyidagi vazifalarni amalga oshiradi: biriktirilgan aholiga malakali tibbiy yordam ko’rsatish; aholi o’rtasida kasallanish, jarohatlanish, o’lim va nogironlikning oldini olish chora-tadbirlarini o’tkazish; aholini sanitariya-gigiena ko’nikmalari bo’yicha bilim saviyasini oshirish, ratsional ovqatlanish, sog’lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishni targ’ib qilish, zararli odatlar (chekish, ichkilikbozlik, giyohvandlik)ning oldini olish, ularga qarshi kurash tadbirlarini tashkil qilish; emlash ishlari, aholi yashaydigan joylar, tashkilot, muassasalar, korxonalarning tozaligi, ichimlik suvi ta’minotini nazorat qilish, ularda joriy sanitariya nazorati o’rnatish; o’sib kelayotgan avlodni sog’lomlashtirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilani rejalashtirish, bolalar orasida tug’ma nuqsonlar va nasl kasalliklarini kamaytirish; aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish va ularni vaqti-vaqti bilan tibbiy ko’rikdan o’tkazish, dispanser na- zoratiga olish; sil, teri-tanosil, saraton (rak), ruhiy, ichki sekresiya bezlari kasalliklari va boshqalarga qarshi kurashish bo’yicha davolash-profilaktika chora-tadbirlarini o’tkazish; aholi o’rtasida kasallanishni, ishchi va xizmatchilarning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik sabablarini aniqlash va kamaytirish maqsadida xo’jaliklar, tashkilotlar, korxona rahbarlari bilan birgalikda tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish; aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy va profilaktik yordamning sifati va samaradorligini oshirish; kasalliklarni vaqtida aniqlash, zaruriyat bo’lganda tegishli davolash-profilaktika muassasalariga yuborish, vrachlar maslahatini tashkil qilish; mehnatga vaqtincha layoqatsizlik ekspertizasini o’tkazish; xavfli yuqumli kasalliklar, zaharlanishlar kabi favqulodda hodisalar ro’y berganida yuqori (viloyat, tuman Markaziy kasalxonalariga) davolash muassasalariga xabar berish; aholi sog’lig’ini saqlashga qaratilgan barcha reja-tadbirlarni ishlab chiqish va o’tkazishda jamoa tashkilotlarini jalb etish. QVP ga vrach rahbarlik qiladi. Respublikada 1996 yil 307 ta QVP tashkil qilingan bo’lib, ularda 237 nafar vrach faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, 2004 yil ular soni 2566 tani, vrachlar soni esa 6174 tani tashkil etdi. Hozir ularning barchasida maxsus tayyorgarlikdan o’tgan umumiy amaliyot vrachlari faoliyat ko’rsatmoqda.