Qishloq xo’jaligi geografiyasi

Qishloq xo’jaligi geografiyasi — qishloq xo’jaligini hududiy tashkil etish va rivojlanish qonuniyatlarini o’rganadigan fan sohasi, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya tarmog’i. turli mamlakat va rayonlar qishloq xo’jaligini majmuali o’rganish va bashorat qilish, tabiiy sharoit va resurslarni qishloq xo’jalik nuqtai nazaridan baholashga doir tadqiqotlar olib boradi. Qishloq xo’jalik iqtisodiyotning tarmog’i sifatida aholining qishloq xo’jalik mahsulotlariga, sanoatning xom ashyoga bo’lgan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridan farq qilib, qishloq xo’jaligi joyning agroiqlimiy resurslari bilan chambarchas bog’liq, shuningdek, yer qishloq xo’jalik ishlab chiqarishida mehnat vositasi hamda predmeti hamdir. Qishloq xo’jalik tarmoqlarining joylashuvi va rivojlanishiga joyning tabiiy sharoiti (asosan, relefi va iqlimi), resurslari (yer, suv, hayvon va o’simliklari), ijtimoiy-iqtisodiy, transport, ekologik va boshqa omillar bevosita ta’sir ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligi geografiyasi olib boradigan tadqiqotlar yer fondi va undan foydalanish hamda xaritalashtirish, qishloq xo’jalik ekinlarining tarqalishi, agroiqtisodiy tarmoqlari va ularning korxonalarini hududiy tashkil etish, rivojlantirish, qishloq xo’jaligini rayonlashtirish masalalarini o’z ichiga oladi. O’zbekistonda chorvachilik, agrar-sanoat majmuini (A.R.Ro’ziev va A.M.Sodiqov) o’rganish bo’yicha tadqiqotlar amalga oshirilgan. Qishloq xo’jaligini turli regionlar va tarmoqlar bo’yicha tashkil etish muammolari bilan Z.M.Akramov, R.A.Hodiev, T.E.Egamberdiev, T.Tojimov, S.S.Saidkarimov, T.Jumaev, K.K.Qurbonov, Sh. Azimov, R.U.Usmonov va boshqalar shug’ullanganlar.