Qishloq xo’jaligi meteorologiyasi
Qishloq xo’jaligi meteorologiyasi — qishloq xo’jaligi uchun ahamiyatli bo’lgan iqlim, meteorologik, gidrologik va tuproq sharoitlari bilan qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi ob’yektlari va jarayonlari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni aloqadorlikda o’rganuvchi fan. Agroiqlimshunoslik, agrogidrologiya, qishloq xo’jaligi fenologiyasi agrometeorologik xizmat ko’rsatishni o’z ichiga oladi. Qishloq xo’jaligi meteorologiyasi fizika, geografiya, biologiya, tuproqshunoslik va boshqa qishloq xo’jaligi fanlari bilan chambarchas bog’liq. Qishloq xo’jaligi meteorologiyasining asosiy vazifalari: qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishidagi meteorologik va iqlim sharoitlari shakllanish qonuniyatlarini geografik va vaqt jihatlaridan o’rganish; meteorologik omillarning agrobiosenozlar rivoji, holati va mahsuldorligiga, qishloq xo’jalik ekinlari zararkunandalari va kasalliklarining rivojlanishi va tarqalishiga ta’sirini tadqiq qilish; iqlim resurslaridan to’liq foydalanish maqsadlarida qishloq xo’jalik ekinlarini joylashtirish va ularni parvarish qilishning agrotexnik tadbirlarini agrometeorologik asoslash; agrometeorologik prognoz usullari va tavsiyalar ishlab chiqish; ob-havo va iqlimning noqulay hodisalarini o’rganish va ularga qarshi qurash choralarini ishlab chiqish va boshqalar. Qishloq xo’jalik ekinlarining rivojlanish sharoiti va hosildorligini belgilovchi tashqi muhitdagi asosiy va ikkinchi darajali omillarning miqdoriy qiymatlarini aniqlash uchun Qishloq xo’jaligi meteorologiyasida quyidagi tadqiqot usullari qo’llaniladi: muddatlarni oralatib ekish — ekin muayyan bir punktda har xil muddatlarda (5-10 kundan oralatib) ekiladi; geografik ekish — muayyan o’simlik navlari iqlim sharoitlari turlicha bo’lgan punktlarda ekiladi; eksperimental dala usuli — dala tajriba maydonlarida o’simlikni parvarish qilishning agrometeorologik sharoitlari o’zgartiriladi; distantsion (nokontakt) o’lchash — vertolyot, samolyot va yer yo’ldoshlarida o’rnatilgan asboblar yordamida katta maydonlardagi ekinlar va tuproqning holati aniqlanadi; Fitotron usuli — sun’iy iqlimxonalarda o’simliklarning gidrometeorologik omillarning turli kompleksiga reaktsiyasini o’rganishga imkon beradi; matematik (dinamik) statistik modellashtirish — matematik apparat yordamida meteorologik omillarning o’simliklarning o’sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri o’rganiladi. Qishloq xo’jaligi meteorologiyasi amaliy fan sifatida 19-asrning 2-yarmida paydo bo’ldi. O’rta Osiyoda dastlabki agrometeorologik tadqiqotlar 20-asr boshlaridan olib borildi. 1921 yilda Toshkentda Turkiston meteorologiya instituti (Turkmet; hozirgi Gidrometerologiya instituti) tashkil etildi. G’o’za, g’alla, beda, sabzavot, poliz va boshqalar ekin maylonlari, bog’, tokzor, yaylovlarning mikroiklimi, radiatsion va issiqlik balansi o’rganildi, ularning shakllanish qonupiyatlari B.A.Ayzenshtat, E.A.Lopuxin, I.V.Zuev, V.V.Karnauxova, F.A.Mo’minov, B.E.Milkis, G.A.Ahmedov, E.A.Ibrohimova, A.I.Kostenko, A.G. Toropova, A.Sh.Jalilov va boshqa olimlarning asarlarida sritib berildi. 60-yillardan boshlab, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining yangi talablari asosida qishloq xo’jalik ekinlarining holati va ularning hosildorligini hududlar miqyosida baholash va prognozlash metodikasi ishlab chiqildi, qisqa muddatda katta maydonlardagi ekinlarning holati va hosildorligini aviasiya yordamida fotometrik usul bilan baholash amalga oshirildi. So’nggi yillarda qishloq xo’jalik ekinlarining biologiyasi, ekologiyasi, biometriyasi asosida «ob-havo — hosildorlik» prognoz modellari tadqiq qilinmoqda. Ad.: Xamzin K.S. Qishloq xo’jaligi meteorologiyasi asoslari: [qo’llanma], T., 1986, Hamidulla Abdullayev.