Qizil armiya uchun rezervlar tayyorlash va aholini harbiy ishga o’rgatish

Fashistlar Germaniyasining Vatanimizga xoinona bostirib kirishi sovet kishilarining tinch mehnat faoliyatini buzdi. Urushning birinchi kunlaridanoq butun mamlakat bo’ylab miting va yig’ilishlar o’tkazilib, ularda qatnashgan mehnatkashlar dushmanni tor-mor keltirmoq uchun o’zlarining bor kuchlarini sarflashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Sovet kishilarining darhol frontga yuborishni, harakatdagi armiya flot safiga jo’natishni iltimos qilib harbiy komissarliklarga to’xtovsiz arizalar berib turganliklari ularning Vatanimiz mustaqilligini saqlab qolishga mahkam bel bog’laganliklarini ko’rsatib turardi.

Sovet kishilari qatori Samarqand aholisi ham partiya tashkilotlari hamda shahar va oblast harbiy komissarliklariga darhol frontga yuborishlarini so’rab 1316 ta ariza berdilar. 1941 yil 4 avgustga kelib bunday arizalar soni 2988 taga yetdi. Shu arizalardan 613 tasi xotin-qizlardan edi. O’z arizalarida sovet kishilari o’z sotsialistik Vatanlariga xalqning cheksiz muhabbat va sadoqatini, fashist bosqinchilariga bo’lgan nafratini hamda sotsializm mamlakatini himoya qilish yo’lida jangovar shijoatlar ko’rsatishga tayyor ekanliklarini izhor qildilar.

Ko’ngillarni va harakatdagi armiya safiga chaqirilganlarni kuzatib qo’yish sovet vatanparvarligining zo’r namoyishga aylandi. Chunonchi, pensioner Hasan bobo Mamadaliyev o’g’lini frontga jo’natar ekan: “Vatan qo’lingga qurol berdi. Shu qurol bilan dushmanning adabini berib qo’yishing lozim. Hamisha birinchilar safida bo’l! Frontda qahramonliklari ko’rsatishingga aminman”, – deb nasihat qildi.

Samarqandda harbiy ta’lim olgan 72-zapas o’qchi polkning 3-batalon 10-rotasidagi o’zbek jangchilari frontga jo’nash oldidan o’z hamshaharlariga – Samarqand oblast mehnatkashlari “Leninskiy put” gazetasi orqali quyidagi xat bilan murojaat qildilar: “Aziz hamshaharlar, bugun biz sevikli Vatanimizni ko’krak kerib himoya qilish uchun harakatdagi armiya safiga jo’nab ketmoqdamiz. Mamlakat ichkarisida bo’lgan vaqtimizni bekor o’tkazmadik. Zo’r berib tayyorgarlik ko’rdik. Baxtli hayotimizga, ozodligimizga va mustaqilligimizga qasd qilgan fashist gazandalarini yemirib tashlash uchun harbiy ishni qunt bilan o’rgandik. Sevikli Vatanimiz tahqirlanganligi uchun, otalarimiz va onalarimizning, akalarimiz va opalarimizning, xotinlarimiz va bolalarimizning to’kilgan behisob qoni, ko’z yoshlari uchun nafrat olovi qalbimizda yonib turibdi. Siz aziz hamshaharlarimizga aytadigan gapimiz shuki, Qizil Armiyani zarur narsalar bilan ta’minlash va dushmanni tor-mor keltirish uchun sizlar ham mamlakat ichkarisida tinmay mehnat qilingiz. Biz ham sizlarni ishontirib aytamizki, jangda sira bo’sh kelmaymiz, jonajon yerimizni oxiri tomchi qonimiz qolguncha himoya qilamiz”.

Jangchilar hamshaharlariga bergan so’zlarining ustida chiqdilar. Samarqandliklar xizmat qilayotgan harbiy qism 1941-1942 yil qishi davomida dushmanning motomexanizatsiyalashgan va tank qismlari bilan 21 marta og’ir mudofaa jangi qilib, uning jonli kuchi va texnikasiga juda katta talafotlar yetkazadilar. Janglarda komandir va jangchilar chinakam qahramonlik ko’rsatishdi. Chunonchi, Oryol oblastining Chuxlovo shahri uchun 3 kun davom etgan jangda ular dushmanning 18 marta qilgan qarshi hujumini qaytardilar. Bu jangda dushmanning kuchi ularning kuchidan to’rt baravar ko’p bo’lsa ham fashistlarning 3 tankini, 1500 ga yaqin soldat va ofitserlarini yer tishlatdi. Sovet jangchilarining qattiq turib mardonavor jang qilishi fashistlarni mudofaaga o’tishga majbur etdi.

1941 yil 25 iyuldan boshlab butun respublikada harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo’lgan kishilarni harbiy ishga tayyorlash avj oldirildi. Samarqand oblast, shahar, rayon partiya komitetlari, boshlang’ich partiya tashkilotlari va Samarqand oblast harbiy komissarligi harbiy ishga o’rgatilishi lozim bo’lgan kishilarning ro’yxatini tuzishga, zapas bo’linmalarni to’ldirishga, boshliqlar sostavini tanlab olishga va ular bilan mashg’ulotlar o’tkazishga darhol kirishdilar. 1941 yil 30 iyulda Samarqand oblastining shahar va rayonlarida harbiy ta’lim olgan kishilar soni 10 mingdan oshib ketdi.

Kommunist va komsomollar armiyaga yuborilayotganlarning oldingi safida bo’ldilar. 1944 yilning oxiriga kelib Samarqand shahar partiya tashkilotining o’zigina harakatdagi armiyaga siyosiy rahbar qilib yuborgan kommunistlar 1835 kishiga yetdi. Urush yillari davomida 27 mingdan ortiq Komsomol, ya’ni butun oblast Komsomol tashkiloti sostavining 60 protsenti frontga jo’nab ketdi. Urushning birinchi kunlaridayoq frontga ketganlar orasida Samarqand shahar Bog’ishamol rayon partiya komitetining sekretari Ziyoboyev, Samarqand shahar komsmol komitetining sekretari R.K.Karimov, 8 mart nomidagi fabrika Komsomol komitetining sekretari Saruxanov, qo’n zavodi Komsomol komitetining sekretari Izchagin, choy qadoqlash fabrikasi Komsomol komitetining sekretari Shcherbinin, pedagogika institute Komsomol komitetining sekretari Kukushkin hamda boshqa juda ko’p kommunist va komsomollar bor edi. Oblast partiya komiteti apparatidan oblast partiya komitetining ikkinchi sekretari M.G.Chikovaniy, bo’lim mudirlaridan 3 kishi va instruktorlardan 9 kishi frontga jo’natildi.

Davlat mudofaa komiteti naryadi bo’yicha harbiy havo desantlari va avtomatchilar bo’linmalari asosan ko’ngilli kommunist va komsomollardan tuzildi.

Davlat mudofaa komitetining “O’rta Osiyo harbiy okrugi territoriyasida milliy qo’shin birlashmalari tuzish to’g’risida” gi 1941 yil 13 noyabr qarori va O’rta Osiyo harbiy okrugi shtabining buyrug’iga asosan respublikada qo’shin birlashmalari tuzila boshladi, shular qatorida alohida milliy o’qchi brigade Samarqand oblastida tuzildi.

1941 yil 19 noyabrda Samarqand oblast partiya komiteti byurosi yosh 40 dan oshmagan mahalliy millatdan va muayyan miqdorda kommunist hamda komsomollardan iborat qo’shin birlashmalari tuzish to’g’risida qaror qabul qildi. Oblast partiya tashkiloti shu harbiy qismlarga 838 kommunistni, oblast komsomol komiteti 3248 komsomolni yubordi. Oblast mehnatkashlari diviziya va brigadaga hammasi bo’lib 8773 kishini yubordilar.

Oblast territoriyasiga joylashgan milliy birlashmalarning qismlari aholi, partiya, sovet va jamoatchilik tashkilotlaridan har tomonlama yordam olib turdilar.

Siyosiy bo’linmalarni xodimlar bilan ta’minlash uchun diviziya va brigade oblast partiya xodimlaridan 40 kishi, chunonchi, Oqdaryo rayon partiya komitetning sekretari Q.Nurqobilov, Bulung’ur rayon partiya komitetining sekretari M.Tillayev, oblast partiya komiteti harbiy bo’limining instruktori N.Shoymardonov, Narpay rayon partiya komiteti agitatsiya va propaganda bo’limining mudiri O.Solihov va boshqalar yuborildi.

Oblast partiya komiteti qarori bilan oblast harbiy komissarligi huzurida harbiy qismlarga siyosiy xodimlar tayyorlash kurslarida 130 kishi o’qitildi. Bundan tashqari, 100 dan ortiq kishi Toshkentdagi 15 kunlik kurslarga yuborildi. Milliy qismlar uchun o’zbek tilida gazetalar, adabiyotlar, harbiy o’quv qo’llanmalari chiqarilib turdi. Chunonchi, “Tanklar bilan kurashish to’g’risida to’p komandiri va navodchikka qo’llanma”, “Ognemyotlar va ular bilan kurash” hamda boshqa shu kabi 16 nomdagi harbiy o’quv qo’llanmalari o’zbek tiliga tarjima qilinib, ko’p nusxada nashr etildi.

1942 yil avgustida desant qismlariga ixtiyoriy ravishda ko’ngillilarni qabul qilish boshlandi. 1000 dan ortiq kishidan ariza tushdi, harbiy komissiya shulardan 617 tasini tanlab oldi. Keyinroq komsomollardan qo’poruvchi otryadlar tuzildi.

1943 yilda Samarqand oblastida 24-zapas o’qchi brigada tuzildi. Kattaqo’rg’on rayoniga joylashtirilgan bu brigade Qizil Armiyaga rezervlarni ommaviy tayyorlash bo’yicha mashq qildiruvchi markaz bo’lib qoldi. Yil oxirigacha bu brigade yuzga yaqin rota hamda maxsus komandalarni frontga yubordi. Shu yilning iyulida Samarqandda kommunist va komsomollardan avtomatchilarning 17-alohida “Samarqand bataloni” tuzildi. Bu batalonni fronga jo’natish oldidan unga oblast ijroiya komiteti va oblast partiya komitetining Qizil bayrog’i topshirildi hamda murojaat o’qib eshittirildi. Murojaatda bunday deyilgan edi: “Avtomatchilarning 17-alohida Samarqand bataloni Samarqand oblasti mehnatkashlarining yuksak ishonchini oqlaydi, manfur nemis okkupatsiyachilarini muqaddas sovet yeridan tamomila haydab chiqarguncha ularni shavkatli Qizil Armiya safida turib shafqatsizlik bilan tor-mor keltira beradi, deb O’zbekiston Kommunistik (bolsheviklar) partiyasining oblast komiteti ishonch bildiradi”. Avtomatchi jangchilar bu yo’l-yo’riqni muqaddas bilib, frontlarda botirlarcha jang qildilar.

Davlat mudofaa komitetining “SSSR grajdanlarini umumiy majburiy harbiy ishga o’rgatish to’g’risida”gi qarori 1941 yil 19 sentabrda e’lon qilinib, O’rta Osiyo harbiy okrugining harbiy soveti respublika mehnakashlarini harbiy ishga o’rgatishning asosiy vazifalarini belgilovchi ko’rsatmalar berganidan keyin O’zbekistonda mehnatkashlarni yoppasiga harbiy ishga o’rgatish boshlanib ketdi.

1941 yil 25 sentabrdan boshlab butun respublikada harbiy o’quv punktlarini tashkil etishga va ularni komandirlar sostavi bilan to’ldirishga kirishildi.

Samarqand oblast partiya tashkiloti hamma kommunist, Komsomol va mehnatkashlarni harbiy o’qishga tortish vazifasini qo’ydi. Boshlang’ich partiya tashkilotlari harbiy o’qishga tortilishi lozim bo’lgan kishilarning hammasini hisobga olib, ular orasida katta tushuntirish ishlari olib bordilar, harbiy organlarning harbiy o’quv punktlarini jihozlashlariga va o’quv qo’llanmalarini tayyorlashlariga yordamlashdilar. Partiya tashkilotlari harbiy o’qishning qanday borayotganligi masalasini byuro majlis va yig’ilishlarida muttasil muhokama qilib turdilar.

Kommunist va komsomollar bu sohada ham oldingi safda bordilar. Oblastdagi tashkilot, muassasa, sanoat korxonalarida, kolxoz va sovxozlarda har kuni, hatto dam olish kunlarida ham 2,5 soatdan harbiy mashg’ulot o’tkazib turdi. O’rta maktablarning yuqori sinflarida o’quvchilarga harbiy jismoniy tarbiy va sanitariya ta’limi berish uchun ajratilgan soatlar miqdori ko’paytirildi.

Rayon partiya komitetlari harbiy ta’limning borishi to’g’risida har besh kunda oblast va shahar partiya komitetlariga operativ ma’lumotlar yuborib turdilar.

Partiya tashkilotlari ilgari armiya safida xizmat qilgan yoki maxsus tayyorgarlikdan o’tgan zapasdagi komandirlar, maktablarning harbiy rahbarlari va oddiy jangchilardan harbiy ta’lim komandirlarini tanlab olish, ularni harbiy komissarliklar bilan birga harbiy ta’lim bo’linmalariga safarbar qildilar. Rayon partiya komitetlari harbiy ta’lim mashqlarini o’tayotganlar o’rtasida siyosiy-ommaviy ish olib borish uchun har bir bo’limga bir suhbatchi, har bir vzvodga bir agitator, har bir rotaga bir siyosiy rahbar, har bir batalonga bir harbiy komissarlardan iborat siyosiy sostavni tanlab olib, byuroda tasdiqladilar. Mashg’ulot boshlanishi oldidan har kuni 15-20 minut suhbat va siyosiy axborot o’tkazilib turildi.

Harbiy ta’limni o’tkazishda o’rta komanda sostavidan 92 kishi, oddiy sostavdan 810 kishi qatnashdi. Harbiy ta’lim olgan kishilardan qisqa vaqt ichida bir qancha batalon va boshqa harbiy qismlar tuzildi.

Oxunboboyev nomidagi Samarqand ko’n zavodida harbiy ta’lim ishlari, ayniqsa, yaxshi tashkil etildi. Bu zavod ishchi va xizmatchilarining hammasi harbiy ta’lim mashg’ulotlarida qatnashdi. Mashg’ulotlar programmaga muvofiq qat’iy jadval asosida olib borildi. Zavod o’t o’chirish komandasi boshlig’ining yordamchisi, kommunist Ivanov, zapasdagi kichik leytenant Berdnikov, smena texnologi Mustafinlar bo’linmalarining eng yaxshi komandirlari ekanligini ko’rsatdilar.

“Hujum” fabrikasi, “Udarnik” arteli, 4-vino zavodi va boshqa korxona xodimlarining hammasi harbiy tayyorgarlik mashqlarini o’tadilar.

Samarqand shahrining Bog’ishamol rayonida ba’zi mashq rotalari bir necha korxonaning ishchi va xizmatchilaridan tuzildi. Chunonchi, Chkalov nomidagi bosmaxona va yog’ochsozlik zavodi kollektivlarida bir rota tuzildi, makaron, tamaki fabrikalari, mebelsozlik ustaxonalari, “Gornyak” arteli kollektivlari xodimlaridan ikkinchi rota tuzildi. Kattaroq korxonalarda (tikuvchilik va pillakashlik fabrikalari) alohida-alohi rotalar tuzildi.