Qizilboshlilar, qizilboshlar

Qizilboshlilar, qizilboshlar — Erondagi ko’chmanchi turk qabilalari birlashmasi. Safaviylar davlatida shoh Ismoil I ning asosiy harbiy kuchi. Qizilboshlilar Kichik Osiyo, Suriya va Ozarbayjonda ham bo’lgan. Ular 12 shia imomi sharafiga 12 qizil yo’llik matodan salla o’rab yurishgan. Qizilboshlilar shialikdagi Safaviya tariqatining asosiy harbiy tayanchi bo’lib, Safaviya shayxlari boshchiligida qo’shni, musulmon bo’lmagan mamlakatlarga (Gruziya, Trapezund imperiyasi va boshqalar) hujumlar qilib turishgan. 1502 yil ular Ismoil 1 Safaviy rahbarligida Oq qo’yunlilar davlatini tormor qilib, Ismoilni shoh deb e’lon qilishgan. Safaviylar davlatida Qizilboshlilar qisqa vaqt davlatni boshqarganlar. Saroy amaldorlari, viloyat noiblari va harbiy boshliqlar Qizilboshlilar zodagonlaridan tayinlangan, yirik-yirik yerlar Qizilboshlilarga qaragan. Shoh Abbos I o’tkazgan harbiy islohotlar (16-asr oxirida muntazam qo’shin tuzilgan) dan so’ng Qizilboshlilarning siyosiy mavqei pasaygan.