«Qo’blon»

«Qo’blon» — qoraqalpoq va qozoq xalq qahramonlik eposi. Qo’blondi botir haqidagi bu eposning qozoqcha versiyasi hajmi va mukammalligi jihatidan boshqa versiyalaridan farq qiladi. Asar keksa va farzandsiz Toqtarboy oilasida eposga xos g’ayritabiiy ravishda qahramonning tug’ilishi, uning voyaga yetishi, sevgi sarguzashtlari hamda uning o’z yurtini dushmanlardan himoya etishi aks etgan. Asarda xalqchil va demokratik motivlar kuchli. Unda xotin-qizlar ham mehribon ona, vafodor yor, hamdard singillar sifatida tasvirlangan. Epos chuqur vatanparvarlik va xalqning birligi g’oyalari bilan sug’orilgan. «Qo’blon» voqealar rivoji hamda obrazlar tizimi jihatidan «Alpomish»ga o’xshash. Eposning yozib olingan bir qancha versiyalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston filiali kutubxonasida saqlanadi. Qoraqalpoq versiyasining akademik nashri chop etilgan (1974).