Qobulov Anatoliy Zuhurovich
Qobulov Anatoliy Zuhurovich (1934.14.2, Toshkent – 2003.29.7, Moskva) — rejissyor, aktyor. O’zbekiston xalq artisti (1987). Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1957). 1958-63 yillar «musiqali drama» kafedrasini boshqargan. Ayni vaqtda O’zbek davlat estradasi bosh rejissyori, Hamza teatrining sahnalashtiruvchi rejissyori sifatida faoliyat yuritgan. Hamza teatrida «Imon» (I.Sulton), «olma gullaganda» (O.Yoqubov), «shubha» (uyg’un), «Assalom, yulduzlar», «Faust va o’lim» (Levada) kabi spektakllar, O’zbekiston rus drama teatrida «tosh uy», Berdaq nomidagi teatrda «Levyanixa orbitada» spektakllarini sahnalashtirgan. 1964-88 yillar «O’zbekfilm» da rejissyor, 1988-98 yillarda «Nashtar» satirik kinojurnalida bosh muharrir, rejissyor, aktyor. 1986-2002 yillar Toshkent san’at instituti professor. «Uyimga kir», «yoz yomg’iri», «Sen mening qo’shig’imsan», «bo’ysunmas», «Jontoy qasami» kabi badiiy, «yangi yil bilan» televizion, «Halima Nosirova» kabi hujjatli filmlar yaratgan. «Rahim va qo’ng’iz», «dovyurak musiqa» kabi multiplikatsion filmlarning stsenariysini, «Folbin kim», «cho’pon va go’zal Malika haqida ertak» va boshqa pyesalar yozgan. «Fidoiy», «Oydin sahifa», «Chinor» kabi filmlarda suratga tushgan. So’z ustasi sifatida ham faoliyat yuritgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983).