Qo’ng’irot

Qo’ng’irot-o’zbek xalqi tarkibiga kirgan yirik qabilalardan biri. XX asr boshlarida o’zbeklar tarkibida bo’lgan qo’ng’irotlar O’zbekistonning janubiy hududlarida, shuningdek Zarafshon vodiysida, Mirzacho’l, Xorazm va Qoraqalpog’istonda yashaganlar. Qo’ng’irotlar qozoq, qoraqalpoq, qirg’iz, boshqird, no’g’oy va boshqa turkiy xalqlar tarkibiga ham kirganlar. XIV asrda qo’ng’irotlarning katta bir qismi Xorazm hududiga ko’chib o’tgan va Xorazmning so’fiylar sulolasi faoliyatida faol ishtirok etgan. XIV-XV asrlar davomida qo’ng’irotlarning ayrim guruhlari Xurosonga, Shimoliy Afg’onistonga va Hisor – Sherovod vodiysiga kelib o’rnashganlar. Qo’ng’irotlar keyinchalik Xorazmning siyosiy hayotida faol ishtirok etganlar. XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asr boshlarida Xiva xonligini o’zbek qo’ng’irotlari sulolasi boshqargan. Ularning ko’pchiligi XIX asr oxiri – XX asr boshlariga qadar yarim o’troq holda yashab, xo’jaligida chorvachilik muhim rol o’ynagan. Avlodlari asosan tog’li hududlarda joylashgan.