Qorabayir ot zoti
Qorabayir ot zoti – salt miniladigan va aravaga qo’shiladigan, qishloq xo’jalik ishlarini bajarishda foydalaniladigan ot zoti. Qadimgi O’rta Osiyo arg’umoqlarini mo’g’ul, turkman va Arab ot zotlari bilan chatishtirib, takomillashtirish asosida O’zbekistonda etishtirilgan. «Qorabayir ot zoti» atamasi 19-asrning 2-yarmida paydo bo’lgan va «qo’lbola», «xonaki ot» ma’nolarini bildiradi. Unga qadar Sharq va G’arb yozma manbalarida Buxoro, Qo’qon, Samarqand va hokazo otlari tilga olingan. Tana tuzilishi yirik, ko’krakdor, qovurg’alari tikroq, ishchanlik xususiyatlari yuqori, kuchli, chidamli, chopqir, mahalliy iqlimga, tog’ sharoitlarida boqishga, uyurda qochirishga yaxshi moslashgan; og’irligi o’rtacha 400 kilogramm. Tusi ko’proq to’riq, jiyron, kulrang yoki to’q sariq-malla (20%), qora va saman ranglilari kam uchraydi. Ayg’irlarining qarchig’ayi balandligi 147,7—152,3 santimetr, ko’krak aylanasi 168-171,5 santimetr, pochasi yo’g’onligi 19,5 santimetr (biyalariniki tegishlicha 147,7; 168; 18,2). Uch tipga bo’linadi: aravaga qo’shiladigan, salt miniladigan va salt miniladigan-yuk tashiydigan. birinchi tipdagi otlar, asosan, sug’oriladigan dehqonchilik rayonlaridagi vodiylarda; ikkinchi va uchinchi tipdagilari esa O’zbekiston va Tojikistonning tog’li rayonlarida boqiladi. Uyur qilib boqishga moslashgan; salt minish, yuk tashishda foydalaniladi. Yuk tashishda og’ir yuk tortuvchi otlarga tenglashadi. Qorabayir ot zoti O’zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpog’istonda urchitiladi. Qorabayir yilqichiligining asosiy markazlari Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida. Tojikistonning Sug’d viloyatidagi otlarning aksariyat qismi Qorabayir ot zotidan iborat. Ad.: Shchekin V.A., Karabairi — tsen- Naya poroda lotshadey, T., 1944; Shchekin V.A., Vixrev V.S., Karabair, T., 1947; To’raqulov Z.T.. Yilqichilik, T., 1985. Abdusattor Amirov.