Qorachoylar

Qorachoylar (o’zlarini qorachaylilar deb atashadi) — turkiy xalq. asosan, Rossiya Federatsiyasining Qorachoy-Cherkasiya Respublikasi va Stavropol o’lkasida yashaydilar. Rossiya Federatsiyasida 192 mingdan ortiq (2002). Qorachoylarning kichik guruhlari O’rta Osiyo, Qozog’iston, Turkiya, Suriya va AQShda yashaydi. Qorachoy tilida so’zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar. Qorachoylarning shakllanishida shimoliy Kavkazning mahalliy tog’liq qabilalari hamda bulg’or, qipchoq va alanlar qatnashgan. So’nggi o’rta asrlarda Qorachoylar Katta Kabarda ta’sirida bo’lganlar. 1828 yil Rossiya imperiyasi tarkibiga kirganlar. 1943 yil Qorachoylar o’z yurtidan O’rtaosiyo va Qozogistonga majburan ko’chirilganlar. 1957 yil Qorachoylar o’z joylariga qaytib kelganlar. Asosiy mashg’ulotlari yaylov chorvachiligi va dehqonchilik bo’lgan. Hunarmandchilikning har xil turlari; zardo’zlik, namat ishlab chiqarish, yog’och o’ymakorligi, g’ilam to’qish, sangtaroshlik va hokazolar rivojlangan.