Qorasovuq

Qorasovuq — havoning o’rtacha sutkalik temperaturasi musbat bo’lgan holda, o’simlik qoplami va tuproq usti havo qatlamining 0° va undan ham pasayishi. Bu hodisa yuz berganda barglar sovuq ta’sirida qora tus oladi, shuning uchun bahor va erta kuzda bo’laditan bu sovuqni dehqonlar odatda, qora sovuq deb ataydilar. Qorasovuq xavfi uning boshlanish muddati va davomiyligi, shuningdek, o’simlik turi, uning navi, rivojlanish fazasi va agrotexnika sharoitlariga bog’liq. Dala ekinlari Qorasovuqlarga chidamliliga qarab bir necha ekologik guruhlarga bo’linadi. Qorasovuq to’g’risidagi ma’lumotlar sovuq xavfi bo’lgan hududlarni belgilash, ekish muddatlarini aniqlash, issiqsevar o’simliklarni rasional joylashtirish masalalarini hal qilish, qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirish sharoitlarini agroiqlimiy baholash, sovuqning zarariga qarshi tadbirlarni ishlab chiqish va boshqada qo’llaniladi. Qorasovuq hosilning sifatiga va miqdoriga katta ziyon yetkazadi. Qorasovuqlar sovuq havo massalarining boshqa rayonlardan (ko’pincha Arktikadan) kelishi (advektiv Qorasovuq) yoki tuproq yuzasi va o’simlik qoplamining tungi radiatsion sovishi (radiatsion Qorasovuq) natijasida vujudga keladi. Dehqonchilik uchun kech bahorgi Qorasovuq (ayniqsa, tuproq yuzasida) juda xavflidir, chunki bu vaqtda vegetatsiya davri boshlangan bo’lib, bunday sovuqlar o’simlik maysalarining qattiq shikastlanishiga olib kelishi mumkin (nihollar 0,5 dan — 1,5°da shikastlanadi, barglar qorayib ketadi). Janubiy rayonlarda (40° shimoliy kenglik janubrog’ida) Qorasovuqlar o’rtacha olganda mart oyining ikkinchi yarmida tugaydi, shimolga borgan sayin uning tugash muddati kechikadi. Bahorda tuproq yuzasidagi eng kechki Qorasovuq, asosan, may oyining birinchi yarmida kuzatiladi (Ustyurt, 44° shimoliy kenglikdan shimolroqda). Qorasovuqning qaysi muddatlarda yuz berishiga joyning relefi, tuproq yuzasining xususiyati va boshqa omillar katta ta’sir ko’rsatadi. Baland joylarda Qorasovuqlar, odatda, kechroq tugaydi. Tuproq yuzasidagi birinchi kuzgi Qorasovuq O’rta Osiyoning Janubiy tekislik qismida (40° shimoliy kenglikkacha) 15 oktabrga qadar kuzatiladi. Shimolga borgan sari Qorasovuqning o’rtacha yuz berish muddati oktabr oyining boshlariga, Ustyurt platosida esa sentabrning oxiriga suriladi. Havodagi Qorasovuq, odatda, tuproq yuzasiga nisbatan bir necha kun kechroq kuzatiladi. Oxirgi bahorgi Qorasovuq bilan birinchi kuzgi Qorasovuq orasidagi davr sovuqsiz davr deb ataladi. O’zbekistonda sovuqsiz davrning o’rtacha ko’p yillik davomiyligi chegaralari juda katta va janubi- Sharqiy qismida eng uzoq davom etadi. Tekisliklarda sovuqsiz davr 150-250, tog’larda 50-150 kungacha. Qorasovuq bo’lganda ekin maydonlarini isitish uchun turli usullar (tutatish, ekilarni qog’oz, plyonka va boshqa materiallar bilan yopish) qo’llaniladi. Sug’orma dehqonchilik mintaqalarida ekinlarni kech bahorgi va erta kuzgi vaqtinchalik Qorasovuqdan saqlash uchun dalalar sug’oriladi. Qorasovuq zararini bartaraf etishda sovuqsiz davr qisqa bo’lgan hududlarda ertapi- shar navlarni ekish, sovuqqa chidamli navlarni yaratish. shuningdek, agrotexnika tadbirlarini o’z vaqtida o’tkazish muhim ahamiyatga ega. Hamidulla Abdullayev.