Qori Yo‘ldosh Po‘latov (1890-1965)

Po‘latov Qori Yo‘ldosh Po‘latovich [1890, Buxoro amirligi (hozirgi Lebap viloyati)dagi Karki shahri — 1965.1.4, Toshkent] — davlat va jamoat arbobi. Buxorodagi jadidchilik harakatining namoyandasi. Mir Arab madrasasida tahsil olgan.

Qori Yo‘ldosh Po‘latov Yosh buxoroliklar firqasining Karki sho‘basi boshlig‘i (1912 yildan); Samarqand viloyati xalq ta’limi mudiri (1919—20); BXSR maorif noziri (1920—22), ichki ishlar noziri (1922), moliya noziri va iqtisodiy kengash (ekoso) raisi (1922—23). O‘zbekiston SSR Moliya xalq komissari (1925— 29), ayni paytda SSSR Davlat banki O‘rta Osiyo bo‘limi boshqaruvchisi muovini (1929—32). O‘zbekiston SSR Yer ishlari xalq komissarligida, Andijon va Xorazm okruglarida, turli lavozimlarda ishlagan (1929—37).

Qori Yo‘ldosh Po‘latov 1909 yildan boshlab Buxoro amirligi Karki bekligidagi jadidchilik harakatida faol qatnashgan. Yangi usul maktablari ochgan va muallimlik qilgan. Aholi o‘rtasida jadid matbuotini tarqatgan, o‘zbek tilida teatr spektakllari qo‘yilishini tashkil qilib, undan tushgan mablag‘ hisobidan qiroatxona va kutubxona ochgan. Buxoro respublikasida maorif tizimini tashkil qilish, Germaniya va Turkiyaga 40 nafar yoshlarni o‘qishga yuborishda Fitrat bilan birgalikda katta ishlarni amalga oshirgan.

1937 yil 11 iyulda Qori Yo‘ldosh Po‘latov sovet rejimi tomonidan qamoqqa olingan. 10 yillik qamoq jazosini o‘tagach, 1949 y. martda qayta qamoqqa olingan. I. V. Stalin vafotidan so‘ng, u 1956 yilda ozod etilgan. 1957 yil 1 iyulda oqlangan.