Qo’shbegi
Qo’shbegi — tarixiy atama; 1) qo’sh, ya’ni harbiy qarorgoh va lagerning boshlig’i; 2) Buxoro Amirligida mang’itlar sulolasi davrida bosh vazir, amirdan keyingi oliy mansab. Qo’shbegiga barcha viloyatlar va bekliklarning hokimlari, beklari bo’ysungan hamda amirning poytaxtda bo’lmagan paytida u amirlikning barcha ishlarini boshqargan. Shuningdek, Qo’shbegi Buxoro atrofidagi 11 ta tumanni (hozirgi Buxoro viloyatini) Amir nomidan idora qilgan. Buxoro amirligida Qo’shbegilar 2 ta bo’lgan: «qo’shbegiyi bolo» (yuqori Qo’shbegi) va «qo’shbegiyi poyon» (quyi Qo’shbegi). Qo’shbegiyi bolo arkda, ya’ni baland qo’rg’onda yashagan va saroy ishlarida yetakchi mavqeni egallagan. U doimiy ravishda arkda Amir bilan muloqotda bo’lib turgan. Qo’shbegiyi poyon — bosh zakotchi esa Ark quyisidagi hovlilardan birida yashab, amirlik hududidagi butun soliq ishlarini nazorat qilib turgan. Mamlakatda favqulodda vaziyat yuz bersa yoki urushlar boshlansa har 2 lavozim birlashtirilib, «kulli Qo’shbegi»(«kull» Arabcha so’z bo’lib, «barcha» degan ma’noni bildirgan) la- vozimi joriy qilingan. Kulli Qo’shbegi Amirlikda butun hukumat ishlarini o’z qo’lida to’plagan va shoshilinch qarorlar qabul qilgan. Buxoro amirligida Ostonaqul qo’shbegi, Nasrullo qo’shbegi kabi katta nufuzga ega Qo’shbegilar o’tgan. Ad.: Vohidov Sh.. Qo’qon xonligi va Buxoro amirligida unvon va mansablar, T., 1996.