Qovurg’a

Qovurg’a — umurtqa pog’onasi bilan birikkan, yoysimon qayrilgan juft suyaklar. Sudralib yuruvchilar, qushlar, sut emizuvchilar va odamda to’sh suyagi bilan birlashib, ko’krak qafasini tashkil etadi. Qovurg’alarga muskullar birikkan bo’lib, u nafas olish va chiqarishda ko’krak qafasining kengayib-torayib turishiga imkon beradi. Odamda XII juft Qovurg’a bor. Har qaysi Qovurg’a ikki qismdan, ya’ni orqa qismi suyak va oldingi qismi tog’aydan tuzilgan. Qovurg’aning orqa qismi boylamlar yordamida ko’krak umurtqalariga tutashadi. Suyak qismi uzun, kambar, yoysimon qayrilgan plastinkaga o’xshash. I—VII juft Qovurg’a (chin qovurg’alar) Tog’ay qismi orqali bevosita to’sh suyagiga birikadi. VIII— IX—X juft Qovurg’aning (soxta Qovurg’a) oldingi qismlari bevosita to’sh suyagiga yopishmasdan, o’zidan yuqorida joylashgan VII qovurg’aning tog’ayiga tutashadi. Qolgan XI—XII juft Qovurg’a tog’aylari hech qayerga birikmay, qorin muskullari orasida erkin joylashgan, shu sababli u juda harakatchandir; ularni yetim Qovurg’alar deyiladi. Qovurg’alarning oldingi, orqa uchlari va bularning oraliq qismi, tanasi bor. Ko’pchilik Qovurg’a ichki yuzasining pastki chekkasiga yaqin joyida, Qovurg’a egatchasi bo’lib, unda qon tomirlar va nerv tolalari joylashadi. Q.larning shakli va uzunligi ko’krak qafasining tuzilishiga va shakliga bog’liq; ularning uzunligi 1-Qovurg’adan 7-Qovurg’agacha ortib borib, 8-Qovurg’adan oxirgi 12-Qovurg’agacha qisqarib kamayadi.