Qodir baxshi

Qodir baxshi (taxallusi; asl nomi Abdi Rahimov) (1937.16.4 — Dehqonobod tumani Chalka qishlog’i — 1986.29.8) — baxshi. Buxoro pedagogika institutini tugatgan (1966). Baxshilik sirlarini dastlab bobosi turdi baxshidan o’rgangan. So’ng umir shoir safar o’g’liga shogird tushgan. 18 yoshida mustaqil dostonchi bo’lib yetishgan Qodir baxshi 60-yillarda Qashqadaryo va Surxondaryoda, Tojikiston va Turkmanistonda yashayotgan keksa Baxshilar davrasida bo’lib, ular repertuarini, Doston ijrochilik mahoratini, do’mbira chertish san’atini egallagan. Uning repertuari boy va rang-barang. «Alpomish», «Yodgor», «Kuntug’mish», «Shirin bilan shakar», «Rustam», «Murodxon», «Yusuf bilan Ahmad», «Yusuf va Zulayho», «Go’ro’g’lining tug’ilishi», «Zaydinoy», «Go’ro’g’li va Yunus pari», «Shahidnoma» singari 70 ga yaqin dostonlar, ko’plab terma va ertaklarni ijro etgan. Ammo u bilgan dostonlarning juda oz qismi va bir necha termalar yozib olingan. Qodir baxshi faqat repertuarining boyligi bilan emas, balki yoqimli, shirador ovozi, ayniqsa, musiqa asboblarini yaxshi chala olish iqtidori bilan ajralib turgan. U do’mbiradan tashqari, dutor, rubob, tor, g’ijjak, qo’bizda mohirlik bilan kuylar ijro etib, doston yoxud terma aytavergan yo, aksincha, boshqa cholg’u asboblaridagi quylarni do’mbirada ijro etgan. Qodir baxshi respublika baxshilar ko’rik-tanlovining 5 marta g’olibi, Moskva (1971) va Parij (1974)da o’tgan xalq ijodkorlari xalqaro kongresslarining laureati. Qodir baxshining «Oychinor» (1984), «Jorxun maston» (1989) dostonlari, «Norguloy» dostonidan parcha va qator termalari chop etilgan. Uning nomida kinoteatr, maktab bor. Dehqonobodda uy-muzeyi tashkil etilgan. Ad.: Murodov M., Ergashev A., Alpomishnoma, 1-kitob, T., 1999.