Qodisiya jangi

Qodisiya jangi – Sa’d ibn Abu Vaqqos qo’mondonligi ostidagi Arab qo’shini bilan Xuroson hokimi Rustam ibn Farruxzod qo’mondonligidagi sosoniylar qo’shini o’rtasida xira(Iroq) dagi Qodisiya qishlogi yaqinida bo’lgan jang (636 yil, sentabr; boshqa ma’lumotlarga ko’ra, dekabr yoki may oyining oxiri, iyunning boshi). Qodisiya jangi 3 kecha-kunduz davom etgan va Islom lashkarining g’alabasi bilan tugagan. Arablarga Suriyadan 66 ming kishilik (boshqa manbalarga ko’ra, 10 ming kishi) qo’shin yetib kelgan. Bu qo’shinni xalifa Umar ibn Xattob Damashq shahrini egallagach yuborgan. Jangning 3-kuni har galgidek bahodirlarning yakkama-yakka olishuvi bilan boshlangan, so’ngra qo’shinlar to’qnash kelgan. Jang tunda ham davom etgan. 4-kuni tongda g’arbdan shamol esib fors qo’shini ustiga chang- to’zon yog’ilgan. Arab harbiy qismlaridan biri Rustam qarorgohiga bostirib kirib uni o’ldiradi. Sarkardaning o’limi Eron qo’shinini sarosimaga tushirgan va uni mag’lubiyatga uchrashiga sabab bo’lgan. Musulmonlar qo’liga Eronning davlat bayrog’i tushgan. Bu bayroq qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bo’lib, uni 1 million 200 ming dirhamga baholashgan. Qodisiya jangida 6 ming Arab jangchisi va 10 ming fors askari halok bo’lgan. Sa’d ibn Abu Vaqqos jangdan so’ng 2 oy davomida Qodisiyada qolib xalifadan keyingi harakat rejalari haqida tegishli farmon kutgan. Faxriddin Hasanov.