Qog’onoq suvi

Qog’onoq suvi – ona qornidagi homilani o’rab turadigan suyuqlik. Homilani tashqi ta’sirotlardan himoya qilib, uning to’g’ri o’sishini ta’minlaydi. Qog’onoq suvi fiziologik ahamiyatga ega, u homilaning qimirlashiga qulaylik yaratadi, unga kislorod va oziq moddalar yetkazib turadi; homila kindigini siqilib qolishdan saqlaydi, tug’ruq vaqtida bachadon bo’ynining normal ochilishiga imkon beradi. Tug’ruq boshlanishiga qadar Qog’onoq suvining ketib qolishi ancha xavfli, bunda noxush oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. Bunday hollarda homilador ayolni tug’ruqxonaga jo’natish kerak. Qog’onoq suvida moddalar almashinuvi jarayonida homila ajratadigan mahsulotlar bo’ladi. Shuning uchun Qog’onoq suvi tarkibini o’rganish akusherga homilaning ahvoli to’g’risida ancha aniq tasavvurga ega bo’lish va zarur bo’lganda unga o’z vaqtida tegishli yordam ko’rsatishga imkon beradi. Homiladorlik oxirida suv miqdori 1 -1,5 litrga etadi. Qog’onoq suvining normadan kam bo’lishi homilada tug’ma nuqsrnlar vujudga kelishiga, suv ko’p bo’lishi esa homiladorlik va tug’ish davrida turli asoratlar (masalan, dard tutishining sust bo’lishi, qon ketishi va boshqalar)ga sabab bo’ladi. Shuning uchun homilador ayolda ko’p suvlik alomatlari sezilganda darhol tug’ruqxonaga yotqizib tekshirish va davolash talab etiladi.