Qumqo’rg’on

Qumqo’rg’on — Surxondaryo viloyati Qumqo’rg’on tumanidagi shahar, tuman markazi (1971 yildan), Surxondaryoning o’ng sohilida, Janubiy Surxon suv omborish quyi qismida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 12,3 ming kishi (2005). Qumqo’rg’onga dastlab 1930-yillarda Qumqo’rg’on kanalining qazilishi va shu nomdagi qo’riq yerlarning o’zlashtirilishi munosabati bilan asos solingan. 1950-yillarda Sherobod — Qiziriq massivida sug’oriladigan yerlarni kengaytirish maqsadida boshlangan Janubiy Surxon suv ombori qurilishi bilan Qumqo’rg’on kengaytirildi, obodonlashtirildi. Shaharda «Surxon» kombinati (temir-beton buyumlari ishlab chiqariladi), ta’mirlash-mexanika, paxta tozalash zavodlari, MTP, avtokorxonalar, qurilish tashkilotlari, neftni saqlash va tsisternalarga quyish estakadasi, non kombinati va boshqa sanoat korxonalari, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Kichik, o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. 3 umumiy ta’lim maktabi, kasb-hunar kolleji, tuman Markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi va boshqa madaniyat muassasalari, madaniyat va istirohat bog’i, stadion va boshqa sport inshootlari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar mavjud. Qumqo’rg’ondan Toshkent — Dushanba temir yo’l va Termiz — Dushanba avtomobil yo’li o’tgan. Yangi qurilayotgan Qumqo’rg’on — Toshguzar — Boysun temir yo’lning 112 kilometr qismida poyezdlar qatnaydi. Qumqo’rg’ondan Termiz shahriga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan.