Qunduz

Qunduz — Afg’onistonning shimoliy qismidagi shahar, Qunduz daryosi bo’yida. Qunduz viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 61 ming kishi (1985). Kobul — Qunduz avtomobil yo’lining so’nggi manzili. Paxta tozalash, yog’-moy va boshqa korxonalari bor. Qunduz ilk bor 13-asrga oid qo’lyozmalarda uchraydi. Ba’zi tarixiy manbalarga ko’ra Qunduz 10-asrda yirik shahar bo’lgan valvaliz (Valvalij) o’rnida yoki unga yaqin joyda vujudga kelgan. 13-asrda shahar viloyat markazi bo’lgan. 1505 yilda Qunduzni Shayboniyxon egallagan. 1510 yilda boburiylar qo’l ostiga o’tgan. 1606 yilda Buxoro xoni Vali Muhammadxon Qunduzni Balx viloyati tarkibiga kiritdi. 17-asr o’rtalarida Mahmudiy Qatag’on Toxariston, Taliqon, Keshm viloyatlarini birlashtirib Qunduzni uning poytaxti deb e’lon qilgan. 18-19-asrlarda Qunduz xonligi tarkibida, 19-asr 2-yarmidan Afg’oniston davlati tarkibida.