Qunduzsoqi

Qunduzsoqi (1840/41, Sharqiy Buxoro Baljuvon bekligi hududi — 1910, Qizilmozor muzofoti dastori qozi qishlog’i) — soqi. «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlarning 64 tasini, jumladan: «Go’ro’g’lining tug’ilishi», «Go’ro’g’lining Gurjistonga borib, Avazxonni olib kelishi», «Yunusparining bog’i Eramga sayrga chiqishi», «bog’bonning Go’ro’g’liga arz qilishi», «Avazning suv parisini olib kelishi», «g’ordan bir qo’lning ko’rinishi», «Avazxonning Chambildan arazlab, ota yurti Dog’istonga ketishi», «Go’ro’g’lining sanam va Gavhar no.mli qizlari», «Ko’ktemir», «Avazxon va Qorako’z», «Avazning girdob ko’liga safari», «Guloyimpari», «Nurali» va boshqa dostonlar va xalq qo’shiqlarini mahorat bilan ijro etgan. Qunduzsoqi laqaylarda soqilik maktabining asoschisi sifatida 20 ga yaqin shogirdlar yetishtirgan. Qunduzsoqining soqilik mahorati Buxoro amirigacha yetib borgan; har zamonda Amir soqini Buxoroga taklif etib, «Go’ro’g’li» dostonini eshitib turgan. Amir bir necha marta soqini Buxoroda qolishga ham undagan, ammo soqi bu taklifni rad etgan. Qunduzsoqi Amir va beklar oldida yuksak mavqega ega bo’lsada, doimo xalq orasida yurib, to’y va ma’rakalarda xalqning xizmatini qilgan. U qatnashgan davrada yig’ilgan odamlar soqini suhbat va go’ro’g’lixonlikka chorlagan. Soqichilik bilan bir qatorda yig’ilganlarga pand-nasihatlar aytib, muammolarni yechish yo’lida yaxshi maslahatlar bergan. Nasriddin Nazarov.