Qurilish materiallari sanoati

Qurilish materiallari sanoati — uy-joy qurilishi, sanoat, qishloq xo’jaligi va boshqalardagi qurilish sohalari uchun qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sanoat. Bir qancha tarmoqlarni o’z ichiga oladi. Tsement, asbest-tsement shiferi, asbest-tsement quvurlari, devor materialari (g’isht), ohak, gips, deraza oynalari, yumshoq yopma materiallar, tabiiy toshlardan qoplama materiallar, bezak hamda pol uchun sopol (keramik) plitalar, isitgich radiatorlar va konvektorlar, chinni-fayans sanitariya-qurilish buyumlari, linoleum, yig’ma temir-beton konstruktsiyalar va detallar, noruda qurilish materiallari (maydalangan, chaqilgan tosh, qum, shag’al, qum-shag’al aralashmasi) va boshqalar. Qurilish materiallari sanoatining asosiy mahsulotlari hisoblanadi. Qadimda g’isht, cherepisa, sopol plita, sopol vodoprovod quvurlari, gips va ohakli yopishqoq materiallar va boshqa qurilish materiallari ma’lum edi. 19-asrning 1-choragida mexanik chidamliligi yuqori bo’lgan, suvda qotadigan Portlandtsement kashf etilib, qurilishda beton va temir-beton ishlab chiqarish va ularni ishlatishga sharoit yaratdi. 19-20-asrlarda qurilish hajmining keskin oshishi natijasida Qurilish materiallari sanoati mahsulotlari tur tarkibi va ishlab chiqarish hajmlari yuqori sur’atlarda yuksaldi. O’zbekistonda tabiiy xom ashyolardan qurilish materiallari sifatida foydalanish tarixi uzoq o’tmishga borib taqaladi. Ayniqsa, binolar qurilishida xom g’isht, guvala, yog’och sinch, ganch, oddiy tuproq (loy)dan tiklanadigan paxsa asrlar davomida asosiy qurilish materiallari bo’lib kelgan. Humdonlarda pishirilgan g’isht, sopol, chinni koshin, ganch, yo’nilgan granit, marmar toshlar saroy, madrasa, masjid, rabotlar qurilishida keng qo’llanilgan. Respublikada qurilish materiallari sanoati xalq xo’jaligidagi sanoat tarmog’i sifatida 20-asr boshlarida paydo bo’ldi. 1913 yilda hozirgi O’zbekistonda jami 20 dan ko’proq kichik g’isht zavodlari, ohak va alebastr ishlab chiqarish korxonalari ishlagan. 20-asrning 20-yillaridan boshlab dastlabki Qurilish materiallari sanoati korxonalari (tsement, g’isht zavodlari) qurilishi boshlandi va qisqa muddatlarda tsement sanoati, shisha-oyna sanoati, toshga ishlov berish (toshtaroshlik), noruda qurilish materiallari korxonalari barpo etildi. 21-asr boshida respublikaning ko’p tarmoqli Qurilish materiallari sanoatida tsement, asbest-tsement, devorbop materiallar, yumshoq tom va gidroizolyatsiya materiallari, tabiiy toshlardan qoplama materiallar, polimer xom ashyodan qurilish materiallari va buyumlar, temir-beton konstruktsiyalari va boshqalar ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlandi. Tarmoq korxonalarida 100 dan ortiq nomdagi asosiy mahsulot turlari tayyorlanadi. Qurilish materiallari sanoati tarmoqlari yuksak mexanizatsiyalashgan va xalq xo’jaligining qurilish materillariga bo’lgan talabini to’la qondiradi. Xorijiy investorlar ishtirokida yangi qo’shma korxonalar qurilmoqda, ishlab turgan korxonalar zamonaviy texnologiya bilan jihozlanib kengaytirilmoqda. 2003 yilda O’zbekistonda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning umumiy hajmida Qurilish materiallari sanoati salmog’i 4,9% ni tashkil etdi. Tarmoqda faoliyat ko’rsatadigan eng yirik tashkilot «O’zqurilishmateriallari» aktsiyadorlik kompaniyasi (1997 yilda tashkil etilgan)dir. Uning tarkibidagi 80 korxona (23 aktsiyadorlik jamiyati, 39 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, 14 ta xususiy korxona, 4 qo’shma korxona) respublikada ob’yektlar qurilishini barcha turdagi qurilish materiallari bilan ta’minlaydi. 2003 yilda respublika Qurilish materiallari sanoatida (Yirik va o’rta korxonalar bo’yicha) 4062,5 ming tonna tsement, 568,1 ming km2 ichki devorlarni qoplashga mo’ljallangan bezakli sopol plitkalar, 34,7 million m2 yumshoq yopma (tom) materiallari, 313,7 million dona shartli taxta shifer, 360 ming m2 Linoleum, 6434,5 ming m2 deraza oynasi (2 mm qalinlik hisobida), 41,9 ming tonna ohak, 49,2 ming tonna gips va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarildi. Tarmoq mahsulotlari chet mamlakatlarga eksport qilinadi (2004 yilda 31,7 million AQSh dollari). Erkin Akramov.