Quyosh sistemasi

Quyosh sistemasi – Quyoshning gravitatsion ta’sir maydoni ichida harakatlanuvchi osmon jismlari (Quyosh, sayyoralar, sayyoralarning yo’ldoshlari, kichik sayyoralar, kometalar, kosmik changlar) majmui. Quyosh sistemasi chegarasining ko’rinma o’lchami Pluton orbitasi (taxminan 40 a.b., q. Astronomik birlik) bilan aniqlansada, ammo uning haqiqiy chegarasi eng yaqin yulduzgacha (230 ming a.b. gacha) bo’lishi mumkin. Quyosh sistemasining uzoq tashqi sohalari haqidagi ma’lumotlar Quyoshga yaqinlashuvchi uzun davrli kometalar va shu sistemani qoplagan kosmik changlarni kuzatishdan olinadi. Quyosh sistemasi hududidagi har qanday jism ham Quyosh sistemasiga kiravermaydi. Quyoshning ta’sir doirasidagi har bir jismning Quyosh sistemasiga kirishi uchun avvalo uning musbat kinetik va manfiy potentsial energiyalarining yig’indisi, ya’ni to’la energiyasi manfiy bo’lishi kerak. Bunda jism Quyoshningtortishish kuchini enga olmay, Quyosh sistemasi doirasida qoladi. Buning uchun Quyosh sistemasiga tegishli jismlarga Quyoshning tortishish quchi ta’siri boshqa yulduzlarnikiga nisbatan ortiq bo’lishi kerak. Quyosh sistemasining umumiy tuzilishini birinchi marta N.Kopernik to’g’ri ifodalab, Yer va sayyoralarning Quyosh atrofida aylanishini asoslab berdi (16-asr). Uning geliosentrik sistemasi birinchi marta sayyoralarning Quyosh va Yergacha bo’lgan nisbiy masofalarini aniqlashga imkon berdi. Ts.Kepler sayyoralarning harakat qonunlarini (17-asr boshlari), I.Nyuton butun olam tortishish qonunini (17-asr oxiri) kashf qildilar. Bu qonunlar Quyosh sistemasidagi jismlar harakatlarini o’rganuvchi fan — osmon mexanikasit asos bo’ldi. Quyosh sistemasiga kiruvchi kosmik jismlarning fizik tabiatini o’rganish, asosan, T.Galileyning teleskop kashf qilganidan boshlandi. 1609 yilda Galiley o’zi yasagan kichik teleskopi yordamida oy, Venera, Yupiter va Saturnni kuzatib, ajoyib kashfiyotlar qildi. Quyosh sistemasi jismlarining harakatlarini boshqaruvchi asosiy jism Quyoshdir. Sayyoralar, asosan, ichki (Merkuriy, Venera, Yer va Mars) va tashqi (Yupiter, Saturn, uran va Neptun) guruhlarga bo’linadi va ular o’z xususiyatlari bilan bir-birlaridan tubdan farq qiladi. Ichki sayyoralarning o’rtacha zichliklari 4,0—5,6 g/sm3, tashqi gigant sayyoralarniki 0,7—2,3 g/sm3 bo’lishi ularning boshqa-boshqa moddalardan tashkil topganligini bildiradi. Venera, Mars, Merkuriy va Yupiter atmosferalari tekshirilganda ichki sayyoralar atmosferalari tashqilarinikiga qaraganda ancha siyrak ekanligi ma’lum bo’ldi. Venerada S02 dan iborat juda zich (sathiga yaqin joyda Yer sathidagidan 60 marta zich) atmosfera mavjud. Mars atmosferasi ham, qisman, S02 dan iborat. Tashqi sayyoralar atmosferasi juda qalin va zich bo’lib, asosan, metan, ammiak va vodoroddan iborat. Gigant sayyoralar ichki sayyoralarga qaraganda o’z o’qlari atrofida juda katta tezlik bilan aylanadi. Plutonning fizik tabiati gigant sayyoralarnikidan tubdan farq qilganligi uchun uni tashqi sayyoralar qatoriga qo’shib bo’lmaydi. Sayyoralar tabiiy yo’ldoshlarining 95% ga yaqini tashqi sayyoralar atrofida guruhlanadi; masalan, Yupiter va Saturn sayyoralarining o’zlari Quyosh sistemasiga o’xshash kichik sistemani eslatadi. Ularning ba’zi yo’ldoshlari (masalan, Yupiterning Ganimedi)ning o’lchamlari Quyosh sistemasidagi ayrim sayyoralar (masalan, Merkuriy)ning o’lchamidan ancha katta. Saturn sayyorasida o’zining 20 ga yaqin yo’ldoshidan tashqari, juda mayda jismlardan iborat halqa sistemasiga ega. Bu jismlar kepler qonuniga mos ravishda harakatlanib, Saturn «yo’ldoshlari» hisoblanadi. Bulardan tashqari, orbitalari Mars va Yupiter sayyoralari orasida joylashgan minglab kichik sayyoralar mavjud. Ba’zi sayyoralar ekstsentritetlari katta bo’lgani uchun ular Quyoshga Merkuriyga nisbatan yaqin kelib, undan Saturn orbitasi masofasiga teng masofaga uzoqlashadi. Quyosh sistemasiga kiruvchi kometalarni biz faqat Quyoshga 4-5 astronomik birlikkacha yaqinlashgandan keyin ko’ra boshlaymiz. Quyoshga yaqinlashgan sari ularning yadrosi bug’lanib koma ajralib chiqib kattalasha boshlaydi, so’ng Quyosh nurlarining bosimi ta’sirida dum hosil bo’ladi. Ba’zi kometalar perigeliyda Quyosh toji ichidan o’tib afeliyda 1 parsek uzoqlikkacha boradi va Quyosh atrofida aylanish davri bir necha o’n million yil bo’lishi, hatto boshqa yulduzlar tortish kuchi ta’sirida orbitalarini o’zgartirishi ham mumkin. Qisqa davrli kometalardan yuztachasi topilgan. Ularning Quyosh atrofida aylanish davrlari bir necha o’n yildan ortiq emas. Har yili 5-10 tacha kometa kashf qilinadi. Optik kuzatishlar yordamida ko’rinmaydigan son-sanoqsiz meteor jismlar va kosmik chang (sayyorlararo materiya) Quyosh sistemasi fazosining hamma joyida mavjud. Ular ham sayyoralar kabi Quyosh atrofida aylanadi. Kosmik changlarga gravitasiya kuchlari ta’siridan tashqari Quyosh radiatsiyasining bosimi, shuningdek elektr zaryadlangan zarralar harakatiga Quyosh va sayyoralarning magnit maydonlari ham ta’sir etadi. Yer orbitasi ichidagi sayyoralararo materiyaning umumiy massasi Yer massasining yuz milliondan birini tashkil qiladi. Quyoshning ta’sir doirasi ichidagi barcha diffuz materiyaning umumiy massasi taxminan Quyosh massasiga teng keladi. Quyosh sistemasi Galaktika markazi atrofida ayla-naga yaqin orbita bo’ylab 250 km/sekund tezlik bilan aylanadi, uning aylanish davri 200 million yil. Quyosh sistemasining kelib chiqishi haqidagi masala hozirgi zamon tabiatshunosligining muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Quyosh sistemasidagi deyarli barcha jismlar uchun ba’zi umumiy qonuniyatlar o’rinli: barcha sayyoralar Quyosh atrofidan ekliptikaga yaqin tekislikda bir tomonga (olamning Shimoliy qutbidan qaralganda soat mili harakatiga teskari tomonga) harakatlanib aylanadi (bu to’g’ri harakat deyiladi). Venera va urandan boshqa barcha sayyoralar o’z o’qlari atrofida to’g’ri harakat qiladi. Kosmik uchishlar Quyosh sistemasini o’rganishda yangi imkoniyat yaratdi. Uchirilgan kosmik zondlar q.sdagi sayyoralarning ichki tuzilishlarini jadallik bilan tadqiq qilmoqda. Kosmik zondlar oy, Venera, Mars va boshqa Sayyoralarga yumshoq qo’ndi. AQSh astronavtlari birinchi marta oyga qadam qo’ydi (1969), «Pioner—10» va «Pioner—11» kosmik zondlar kichik sayyoralardan o’tib, Yupiter sayyorasi yaqinida aylandi (1972— 74). 1997 yil oktyabrda uchirilgan «Gyuygens» kosmik zondi (NASA va Yevropa kosmik agentligi bilan birgalikda loyihalangan) Saturn sayyorasining yo’ldoshi Titanga tushirildi (2005 yil yanvar). Tadqiqotchilar Titanni Yer bilan taqqoslashmoqda. Kosmik uchishlar yordamida Quyosh sistemasini yanada batafsilroq o’rganish uchun yaqin kelajakda boshqa sayyoralarga parvoz qilish, uzoq kosmosga ilmiy apparatlar yuborish, asteroid va kometalarga qo’nib, sayyoralararo ilmiy sayohat qilish ishlari mo’ljallanmoqda. Salohitdin Nuritdinov.