Rozmarin, oq rozmarin

Rozmarin, oq rozmarin — kechpishar qishki olma navi. Italiya (Janubiy Tirol)da chiqarilgan. 19-asrning oxirlarida Qrim orqali O’zbekistonga keltirilgan. Daraxti keng piramidasimon, shoxlari tik va kuchli o’sadi. Balandligi 13-15 metrga boradi. Gullari yirik, oq. Aprelning 2-yarmida gullaydi. Mevasi o’rtacha (75-100 gramm), sirti silliq, cho’ziq, pusti mayin, oq nuqtalari bor, eti oq, muloyim, suvli, xushxo’r. Tarkibida 83,6% suv, 0,34% kul, 10,8% qand, 0,53% kta, 0,7% Pektin moddalari, 2,2 mg (1000 grammda) temir moddasi mavjud. Mevasi oktabr boshlarida terib olinadi. Yer osti suvi chuqur, bo’z tuproqli yerlarda har tupi 300-500 kilogramm (ayrim daraxtlaridan 1,5—2 tonna) hosil olinadi. 22-25 yoshida mo’l hosil beradi. Biroq mevalari (ayniqsa, hosil yig’ishtirilishi oldidan) ko’p to’kiladi. Mazasi saqlanishi jihatdan eng yaxshi navlardan. Sovuqqa chidamli. 20-asrning 60-yillariga qadar O’zbekistonda asosiy navlardan biri sifatida ko’p ekilgan.