Saklar (Shaklar)

Saklar (Shaklar)-miloddan avvalgi 1-mingyillik va milodning boshlarida O’rta Osiyo va Sharqiy Turkistonning shimoli-sharqiy rayonlarida yashagan chorvador qabilalar. Massagetlar va skifarga qardosh. Qadimgi fors manbalarida saklar uch guruhga bo’linganligi ko’rsatilgan: 1) saka-xaumavarka – O’rta Osiyo vohalarida, dasht va tog’larida o’troq yashagan; 2) saka-tigraxauda (cho’qqi qalpoqli saklar) – hozirgi Qozog’istonning janubi-sharqiy qismlarida yashagan; 3) saka-tiay-taradarayya – Sirdaryoning quyi oqimi, Orol va Kaspiy dengizi shimolida yashagan. Ahamoniy podsholaridan Kir II va Doro I saklarning turli qabilalari bilan urush olib borgan. Saklar forslar armiyasi tarkibida yunon-fors urushlarida qatnashgan. Aleksandr Makedonskiy, so’ngra salavkiylar o’zlarining O’rta osiyodagi mulklariga xavf solgan saklarga qarshi kurash olib borganligi manbalarda qayd qilingan. Miloddan avvalgi II asr o’rtalarida saklar boshqa ko’chmanchi qabilalar bilan birga Parfiya podsholigi yerlariga bostirib kirganlar. Ammo ular qattiq qarshilikka uchrab Darang’iyonaga siqib chiqarilgan. Saklar Darang’iyonada o’troq joylashganligi uchun unga Sakiston, ya’ni saklar mamlakati deb nom berilgan.