Sharqiy Sibir dengizi

Sharqiy Sibir dengizi – Shimoliy Muz okeanining chekka dengizi. Novaya Sibir orollari bilan Vrangel oroli oralig’ida. Bo’g’ozlar orqali Sharqda Chukotka dengizi bilan, g’arbda Laptevlar dengizi bilan tutashadi. Materik sayozligida joylashgan. Maydoni 913 ming km2. Yilning ko’p qismida muz bilan qoplanib yotadi. O’rtacha chuqurligi 54 metr (eng chuqur joyi 915 metr). Sho’rligi daryolar quyiladigan joyda 5%o dan g’arbi va shimolda 30%o gacha. Qo’ltiqlari: Chaun gubasi, Kolima, Omulyaxa. Yirik orollari: Novaya Sibir, Medvejiy, Ayon. Dengizga Kolima, Alazeya, Indigirka, xroma, katta Chukochya daryolari quyiladi. Iqlimi Arktikaga xos, yozi qisqa va salqin, qishi davomli va sovuq. Yozda o’rtacha temperatura 0°-2° (shimolda), 2°-4° (Janubda); qishda 26°, -28°. Yiliga 100-200 mm yog’in tushadi. Shamol ta’sirida suv yuzasining qalqishi 1 metr va undan ortiq. Dengizda tyulen, morj, oq ayiq, baliqlardan muksun, chir, Omul va boshqalar yashaydi. Sharqiy Sibir dengizidan Shimoliy dengiz yo’li o’tadi. Yirik portlari: Chaun qo’ltig’idagi Pevek va Ambarchik.