TAVQA

TAVQA, Tauke — qozoq xoni (1680— 1718). Xon hokimiyatini mustahkamlashda oliy mulkdor tabaqa — sultonlarni kuchsizlantirish uchun biylarga tayangan. Tavqa davrida tuzilgan «Jeti Jarg’i» («Yetti yorg’u») qonunlari rus tarixida «Tauke qonunlari» nomi bilan mashhur. Bu qonun bir qancha odatlarni (qonli o’ch olish, ayollarning tengsizligi va boshqalar) rasmiylashtirgan. Tavqaning xon hokimiyatini mustahkamlash yo’lidagi harakatlari zoe ketgan, qozoq xonliklari parchalangan holda qolgan. Jung’arlar istilosi xavfi ostida, Pyotr I ning Sharqiy siyosatining faollashuvi, xo’jalik aloqalarining mustahkamlanishi natijasida Tavqaning Rossiya bilan aloqalari kuchaygan. 1716 yil Tavqa jung’arlarga qarshi kurashda yordam so’rab Rossiyaga murojaat qilgan.