«Telegram»dagi botlar nega kerak?

Planshet va smartfonlardagi turli-tuman ilova va dasturlar internet-foydalanuvchilar uchun behisob qulayliklarni taqdim etmoqda, agarda bu jarayonni avtomatlashtira olsak, kerakli axborotni qidirishda vaqtni yanayam tejashga erishamiz.

Yordamchi chatlar, ya’ni botlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Botlarning foydasi nimada?

Ko‘pchiligimiz uchun tanish manzara: ish boshdan oshib-toshib yotgan bir pallada dabdurustdan bironta ma’lumot kerak bo‘lib qoladi va uni qidirishga anchagina vaqt sarflaymiz.

«Telegram»dagi «aqlli» va foydali botlar ayni shu boshog‘riqqa qarshi ishlab chiqilgan. Botlarga kerakli buyruqni bersangiz bas, sizning o‘rningizga «nima, qayerda, qachon»ligini izlab topadi.

Deylik, sizga samolyotga arzon chiptalar kerak. Buning uchun, masalan, «Telegram»dagi maxsus @Aviasales TicketsBot yoki @MetaMetaBot botlaridan foydalanishingiz mumkin. Qachon sotuvga arzon chipta chiqsa — shu kabi botlar sizga xabarini beradi. Ham cho‘ntakka foyda, ham vaqt tejaladi, shunday emasmi?

Botlar nimalarni eplay oladi?

Yuqoridagi bitta misol, xolos. Aslida «Telegram-bot»larning imkoniyatlari cheksiz: masofadan ta’lim beradi, ko‘ngilochar mavzularni taklif etadi, ma’lumot topib beradi, kontent qidiradi va o‘zi yuklaydi, guruhli chatlar tashkil qiladi, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarni boshqaradi va hokazo.

«Telegram-bot» ilovadan nimasi bilan afzal?

O‘rnatilgan ilova xotira qurilmasidagi joyni band etadi, «Telegram-bot»ga esa joy kerakmas. Juda ko‘plab ilovalar o‘rnatilganidan keyin qurilmaning (kompyuter, smartfon) ishi sekinlashadi, internet-trafik sarfi oshadi. Kerakli «Telegram-bot»ni o‘rnatib, bu dahmazalarga barham berish mumkin.

Eng «aqlli» va foydali botlar — «Telegram» katalogida

Agarda siz nafaqat kundalik hayotingizda, balki professional faoliyatingizda ham kerak bo‘luvchi robotlashgan ko‘makchilar, ya’ni botlarga ehtiyoj sezsangiz, ularni «Telegram»ning tegishli katalogidan topishingiz mumkin:

  • O‘yinlar
  • Sayohat
  • Ijtimoiy tarmoqlar
  • Ko‘ngilochar mavzular
  • Musiqa
  • Yangiliklar
  • Salomatlik
  • Chat-botlar
  • Moliya va h.k.