Temur Malik boshchiligidagi jang

Mo’g’ullar Banokatni bosib olganlaridan keyin 50 ming kishidan iborat asirlarni oldiga solib harbiy yurishni davom ettirdilar. Ular Alaq-no’yon boshchiligida Xo’jand shahriga yaqinlashdilar. Bu vaqtda o’zbek o’g’loni Temur Malik shaharning hokimi edi. U tabiatan pahlavon va jasoratli kishi bo’lib vatanparvar va mohir jangchi hisoblangan. “Shahar valiysi, – deydi Mirzo Ulug’bek, Temur Malik edi. Shijoatda shunday martabada ediki, Rustamu Zol tirik bo’lganda uning savlatidan faxrlangan bo’lardi. Agar Somi Suvar hayotdan bahrador bo’lganda, unga bo’lgan bandaligi xalqasidan boshi osmonga yetardi. Lekin davr tole’ inqilobidan nochoru noiloj qoldi va Sayxun nomi bilan ma’lum Xo’jand daryosi o’rtasidagi Hisorda suv ikki shoxga bo’linib oqadigan joyda, bir oliy qal’a bino qilgan edilar. Mo’tamid ul-iste’dod ming nafar kishi bilan u yerda o’rnashib olib, tezlik bilan hisorni mustahkamlash va jangga tayyorgarlik bilan mashg’ul bo’ldi”.

Ammo, Temur Malik qanchalik puxta tayyorgarlik ko’rmasin baribir dushman kuchlari ko’p bo’lib jangovarligi ham baland edi. Shunga qaramay vatanparvarlik va jasoratlik tuyg’ulari bilan to’lib toshgan xalq va Temur Malik imkoni boricha bosqinchilarga qarshi kurashishni muqaddas burch deb bildilar. Mo’g’ullarning 20 minglik askarlari Xo’jandni qurshab oldilar. Ular 50 ming kishidan iborat asirlarni ham o’zlari bilan olib kelib harbiy ishlarda foydalandilar. Shiddatli janglardan so’ng Temur Malik mingta askar bilan Sirdaryodagi orollarning biriga chekinishga majbur bo’ldi. Abulg’ozining ma’lumotiga ko’ra “Temrur Malik o’n ikki kema yasatib erdi. Usti sarpo’shlik. Anga o’q otmoq va to’pang uchun darichalar tortib berib erdi. Ul kemalarga bir amal qilib erdikim, o’q va to’pang va hech nimarsa anga o’tmas erdi. Ul kemalarni minib kunda andog’ urushlar va mardonaliklar qildikim, tamom mo’g’ullar tahsinlar qildilar va hech bobda ani olabilmadilar. Oqibat mo’g’ullar ellik ming xashariy (asirlar)ni oldiga olib solib tosh va kesak tashitdilar, o’zlari toshni va kesak tashitdilar, o’zlari toshni va kesakni suvga solur edilar. Axirul Amr mo’g’ul lashkari g’olib bo’lgan sababdin Temur Malik yetmish kemaga, qo’sh va asboblar yuklab, ul mazkur bo’lgan o’n ikki kemasiga ming yigiti bilan minib kecha bo’lgach, rudxonasining ichi bilan yuriyberdi. Alak no’yon birlan Sukatu Bo’ka mo’g’ullarga sizlar ham daryo labi birlan Temur Malikning ortidan yurung, deb hukm qildi. Mo’g’ullar taki rudxonaning kemasiga yonashib urusha-urusha yurur erdilar”.

Ko’rinib turibdiki, Temur Malik dushmanning Sirdaryoning ikki qirg’og’idan yog’dirgan o’qlari ostida jang qilgan. Mo’g’ullar ko’p minglik asirlarni toshlarni keltirishga majbur etib orolga tashittirgan. Bu bilan o’zlariga yo’l qurib vatan himoyachilari bilan yuzma-yuz jang qilishga harakat qilganlar. Ammo, Temur Malik dushman rejalarini barbod etib ularni yaqinlashtirmagan, shu tariqa urush uzoq davom etib vatan himoyachilarining qurollari va oziq-ovqatlarida yetishmovchilik qattiq sezildi. Chetdan esa hech qanday yordam berilmadi. Natijada vatan himoyachilari Temur Malik boshchiligida 70 kemada Sirdaryoning quyi oqimi bo’ylab suzdilar. Ular Banokat shahriga yaqinlashganlarida ko’rdilarki mo’g’ullar daryoning bir qirg’og’idan ikkinchi tomoniga temir zanjirni tortib qo’yishgan ekan. Biroq Temur Malik kemalari bilan zanjirni yorib o’tib yo’lni davom ettiradi. U O’tror, Sig’noq va Jand shaharlarini bosib o’tib Barchinlig’ga kelganda dushmanlarning qayiqlaridan yasalgan to’siqqa duch keladi. Temur Malik uni yorib o’tishni iloji yo’qligini anglab va kemalarini sohilga yaqinlashtirib tashqariga chiqadilar. Bu yerda “Temur Malik har soatda o’z do’stlari bilan yelkama-yelka turib jang qilardi, toki do’stlari uzoqroq ketgaylar. Yana o’z do’stlari ortidan yugurishardi. Bir kechyu kunduzda shu tarzda lashkarining aksari nobud bo’ldi, ba’zilari yarador bo’ldilar. Molu mulklarini dushmanlar talab oldi. Temur Malik bir guruh barqaror odamlari bilan shoshilmay dushman yo’lini to’sdi. Yonidagilar ham nobud bo’lgandan keyin, uning qurol-yarog’i qolmadi. Faqat uch o’qi qolgandi. Ularning ham biri singan va paykonsiz edi. Uch mo’g’ul iskomish bilan yelib kelardi. Temur Malik haligi siniq paykonsiz o’q bilan bir mo’g’ulning ko’zini chog’lab otdi. U ko’r bo’lib qoldi. Qolgan ikkisiga dedi: “Bu o’q birla sizlarga javob bera olurman desam bo’ladi; qaytinglarki, sizning taqdiringiz shu o’qlarda. Ul ikki mo’g’ul Temur Malik qo’lidan kelgan, ko’z o’ngilarida bo’lgan ishlarni ko’rib, uni so’zini tasdiqlar va qaytib ketdilar. Temur Malik sog’-salomat qoldi. U Xorazmga jo’nadi va xalq ishiga aralashdi”.

Ushbu satrlarda bayon etilgan voqealar shu haqda guvohlik beradiki, Xo’jandda shiddatli janglar bo’lib Temur Malikning mohir lashkarboshiligi tufayli ko’p sonli bosqinchilarga qarshi uzoq va mardonavor kurashilgan. Bunda shaxsan Temur Malikning o’zi nihoyatda bilimdonlik bilan ish yuritib dushmanga qaqshatqich zarbalarni berib turgan. Mo’g’ullar Temur Malikni o’ta xavfli dushman hisoblab, uni qanday bo’lmasin qo’lga tushirishga qattiq harakat qiladilar. Bunga erishmak uchun barcha choralarni ko’rishdi, lekin uddasidan chiqa olmadilar.

Temur Malik o’zining vatanparvarligi, mohir jangchiligini shu darajada namoyish etdiki unga dushmanlarning o’zlari tan berishga majbur bo’ladilar. U haqiqatan ham xalq qahramoni, mustaqillik va ozodlik uchun jonini tikkan shaxs edi. U oxirgi o’qi qolguncha jang maydonidan ketmadi. Temur Malik Xorazmga borgandan keyin ham kurashni davom ettirdi. U harbiy qism bilan Katga borib, bu yerga tayinlangan mo’g’ul hokimini o’ldirib qaytadi. Shundan keyin Urganch mudofaasida qatnashadi, so’ngra Jaloliddin bilan birgalikda kurashni davom ettiradi.