TSITSERON MARK TULLIY

TSITSERON MARK TULLIY (Marcus Tullius Cicero) (miloddan avvalgi 106.3.1, Arpinum — miloddan avvalgi 43.7.12, hozirgi Gaeta yaqini) — Rim siyosiy arbobi, notiq, yozuvchi. Rimda tahsil olib, notiqlik san’atini egallaydi, so’ng Afina, kichik Osiyo va Rodosda o’z bilimini mukammallashtiradi. Elchilik davrida (miloddan avvalgi 63 yil) Katalina fitnasini fosh etgani uchun «fuqarolik chambari» bilan taqdirlanadi va Rim fukarolari orasida birinchi bo’lib «yurt otasi» unvoniga sazovor bo’ladi. Ammo rimlik fitnachilarni sudsiz qatl etgani sababli miloddan avvalgi 58 yilda quvg’inga uchrab, xorijda yashashga majbur bo’lgan. Tsezar o’ddirilgach (miloddan avvalgi 44 yil), Antoniy buyrug’i bilan qatl etilguniga qadar Rimning amaldagi hukmdori sanalgan. Tsitseron siyosat, falsafa va adabiyotda «o’rta oqim» hisoblangan barqarorlik va vazminlik aqidalariga sodiq bo’lgan. «Aralash davlat tuzilmasi» (monarxiya, aristokratiya va demokratiyaning qo’shilishidan paydo bo’lgan hokimiyat) Tsitseronning siyosiy ideali bo’lib, miloddan avvalgi 2-asr boshidagi Rim Respublikasini buning namunasi deb hisoblagan. Tsitseron faylasuf sifatida atomizmta qarshi chiqdi, jonni o’lmas va abadiy deb bildi, Real tasavvurlarni Real bo’lmagan tasavvurlardan farq qilish uchun mezon yo’q deb hisobladi. Falsafiy asarlarida etika masalalariga asosiy e’tiborni qaratdi. Yunon falsafasi atamalarini ishlab chiqdi. Davlat haqidagi risolalarida davlatni xususiy mulkni himoya qiluvchi, umumiy huquq me’yorlariga asoslangan kishilar uyushmasi sifatida talqin etdi. Tsitseronning 58 ta nutqi, 19 ta asari va 800 dan ziyod maktublari saqlanib qolgan. Tsitseron asarlari Rimdagi fuqarolar urushi davri to’g’risidagi ma’lumotlar manbai hisoblanadi. Tsitseron jahon tarixida notiqlik san’atini mukammal egallagan kishi sifatida shuhrat qozongan. Uning turli sud jarayonlarida so’zlagan nutqlari notiklik san’atining eng yuksak namunalaridir. Tsitseron o’z asarlari («yaxshilik va yomonlikning chegaralari to’g’risida», «Davlat to’g’risida», «qonunlar to’g’risida», «majburiyatlar to’g’risida» va boshqalar) hamda nutqlari bilan Rim mumtoz Nasri va adabiy tiliga tamal toshini qo’ygan. Tsitseronning «Verresga qarshi nutqlar», «Katilinaga qarshi nutqlar», «Orator haqida» traktatini Oybek o’zbek tiliga tarjima qilgan. As: Rim adabiyoti, T., 1939; rechi, t. 1-2, M., 1962; Tri traktata ob oratorskom iskusstve, M., 1972; Izbrannie Sochineniya, M., 1975. Ad.: Utchenko S, Tsitseron i ego vremya, M., 1972.