Umarov Faxriddin Asilpo’lat o’g’li

Umarov Faxriddin Asilpo’lat o’g’li (1926.1.9, Qibray tumani) — lirik xonanda va bastakor, O’zbekiston xalq hofizi (2002). Ilk musiqa saboqlarini otasidan, so’ng qofizlik sirlarini Asqar Ubaydullaev, Akmalxon va Boboxon So’fixonovlardan o’rgangan. Toshkent konservatoriyasida ta’lim olgan (1950— 53). O’zbekiston radioqo’mitasi (1946— 61), O’zbek davlat filarmoniyasi (1961— 86)da yakkaxon xonanda. Repertuaridan, asosan, kuylarni o’zi bastalagan qo’shiq va ashulalar — «Ishqingda zor o’ldim» (Noqis g’azali), «Naylaram» (xislat), «Jamoling», «Sochining savdosi tushdi» (Bobur), «Onam derman» (Yo.Mirzo), «Qaydasan» (Mashrab), «O’zbegim» (E.Vohidov), «Ey, muhabbat» (P.Mo’min), «Umr o’tmoqda» (T.Sulaymon), shuningdek, mumtoz («Chorgoh», «Bayot» kabi) va zamonaviy bastakorlar ashulalari («Munojot», «Sodirxon ushshog’i» va boshqalar) o’rin olgan. Ijrolari O’zbekiston radiosi fonojamg’armasiga, 20 dan ortiq gramplastinkaga yozilgan. Ad.: Boqiy N., Hamidov H., Meni yod et, T., 2000.