Xals, Gals (Hals) Frans

Xals, Gals (Hals) Frans (taxminan 1581-85, Antverpen — 1666.28.6, Xarlem) — golland rassomi, portret ustasi; Yevropa realistik san’atining yirik namoyandasi. Xals ijodida burjua inqilobi g’alabasidan keyin yuzaga kelgan golland san’atiga xos bo’lgan ko’tarinkilik, hayot zavqi va demokratizm o’z aksini topgan; rassom bo’yoq dog’larini erkin qo’llash orqali inson ruhiyatini tasvirlash ko’lamini kengaytirdi, ko’proq tasvirlanayotgan shaxsning ichki ruhiyatidagi yorqin lahzani badiiy muhrlashga intildi. 20-yillarda portretlar bilan bir qatorda janrli lavhalar ham yaratdi, muqaddas zotlar Real hayotdan olingan oddiy odamlar qiyofasida tasvirlandi («Evangelist Luka», «Evangelist Matfey», taxminan 1623-25 yillar), golland jamiyatidagi ijtimoiy tiplar obrazlari galereyasi yuzaga keldi («V. van Xeytxeyzen», taxminan 1625-26; «lo’li», «mulat», taxminan 1630 va boshqalar). Guruh portretlar ustida izlangan rassom tasvirlariga hayotiylik va haqqoniylik baxsh etdi («Avliyo Adrian o’qchilar rotasi zobitlari guruh portreti», 1633; «Avliyo Georgiy o’qchilar rotasi zobitlari», 1639 va boshqalar). 40-yillardan portretlarida psixologik holatlar chuqurlashdi («Avliyo Yelizaveta kasalxonasi regentlari», 1641), asarlari Koloritida kumusheimon kulrang tuslar ortib bordi. So’nggi davrlarda yaratilgan oq va qora ranglar keskinligiga asoslangan asarlarida chorasizlik va tushkunlik kayfiyatlari ko’zga tashlanadi («Qariyalar uyi regentlari», 1664). Xals ijodi G’arbiy Yevropa realistik san’atining cho’kqilaridan biri bo’lib qoldi. Shogirdlari orasida A. Brauer, akauka A. va I. Ostadelar, Ya. Sten va boshqalar bor. Asarlarining ko’p qismi Xarlemdagi Xals muzeyida sakdanadi.