YUQORI BOSMA

YUQORI BOSMA — matn va rasmlarni ko’paytirishning asosiy matbaa usullaridan biri. Bunda qolipning bosuvchi va oraliq (probel) elementlari turli (balandpast) sathlarda (bir tekislikda emas) joylashadi. Vallardagi bo’yoq elementlarga, ulardan esa bosilayotgan sirtga o’tadi. Yuqori bosma uchun bosma qoliplarini yasash nisbatan oson, bosish sifati yaxshi va ish unumdorligi yuqori bo’ladi. Yuqori bosma usulidan 1000 yildan ko’proq vaqtdan beri foydalaniladi. Dastlabki bosma qoliplari tekis va silliq sirtli yassi taxtalardan iborat bo’lgan. Ulardagi tasvirlar oraliq elementlarni o’yib olish yo’li bilan tayyorlangan. Hozirgi bosma qoliplar metalldan quyib, plastmassa yoki rezinadan presslab tayyorlanadi. Yuqori bosma gazeta, jurnal, kitoblar, ko’p bo’yoqli rasmlar va boshqalarni bosishda qo’llanadi.